Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohaga, xususan, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari e’tirof etganlaridek: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.
Darhaqiqat, kitob – yillar suronini yengib o‘tib, tafakkur va odamiylik saboqlarini avloddan avlodga yetkazuvchi ma’naviy ko‘prik. Kutubxona esa insonlarni mutolaa orqali ruhan poklovchi, qalb ko‘zini ochuvchi va aqlni quvvatlantiruvchi ziyo maskanidir. Shuning uchun ham insoniyatni yaxshilikka, ezgu amallarga undovchi kitoblar yozayotgan ilm va ijod ahlini, el-yurt manfaati uchun kutubxonalar bunyod etayotgan ma’rifatsevar fidoyilarni donishmand xalqimiz hamisha ardoqlagan.
Bugun ham xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida qalam tebratayotgan, kutubxonalar tashkil etib, yoshu keksani kitobxonlikka o‘rgatayotgan ziyolilarimiz oz emas. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adabiyotshunos va publitsist Ahmadjon Meliboyev ham ana shunday qalbi va ongi uyg‘oq, ma’rifatparvar ijodkorlardan biridir.
Ahmadjon Meliboyev 1946-yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Safed Bulon qishlog‘ida tavallud topgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida ta’lim olgan.
Ahmadjon Meliboyev yuzlab dolzarb mavzulardagi maqolalari, “Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi?”, “Torning cho‘michdan farqi”, “Suvora sog‘inchi”, “Qirq beshinchi bekat”, “Qabohat to‘ri”, “Rizq daraxti”, “O‘zingni o‘zing boshla”, “O‘zimdan o‘tganlari”, “Yuz tahlil”, “Jurnalistning til boyligi”, “Siz yozmagan kitob” singari o‘nlab publitsistik to‘plamlari, badiiy va hajviy asarlari, jurnalistikaga oid o‘quv-amaliy qo‘llanmalari bilan qalami o‘tkir jurnalist, iste’dodli ijodkor va zakiy olim sifatida tanilgan.
Ustoz jurnalist hozirda “Jahon adabiyoti” jurnaliga bosh muharrirlik qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarga jurnalistikadan saboq bermoqda.
Ahmadjon Meliboyev xalqimizga ilm va ma’rifat ulashish maqsadida yana bir ezgu tashabbusni amalga oshirdi: Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Qizilyozi qishlog‘ida kutubxona tashkil etdi. Kutubxona fondidan atoqli ijodkorning umr bo‘yi to‘plagan o‘n mingga yaqin kitoblari o‘rin olgan. Homiy tashkilotlar va saxovatpesha insonlarning ko‘magi ila ushbu ziyo maskani yangidan yangi kitoblar bilan boyib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham ustoz jurnalistning xayrli sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, mamlakatimizning chekka Qizilyozi qishlog‘ida joylashgan kutubxonaga 26 nomdagi 120 ta kitobni sovg‘a qildi. Ushbu kitoblar 2026-yil 12-avgust kuni kutubxona asoschisi Ahmadjon Meliboyevga topshirildi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
