Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqi avvalida xalqimizni ayyom bilan samimiy tabrikladi. Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilgani tantana shukuhini yanada oshirdi.

Davlatimiz rahbari «Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz» degan asosiy tamoyilni yana bir bor eslatdi.

Prezidentimiz mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Islohotlarning birinchi kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholining dardiga darmon bo‘lish asosiy maqsad etib belgilandi.

Ayniqsa, keyingi o‘n yilda «Inson qadri uchun» g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda «paxta qulligi», majburiy mehnat va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.

– Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Inson qadri deganda, aholi salomatligiga alohida e’tibor qaratilishi ham tushuniladi. So‘nggi yillarda sohaga ajratilayotgan mablag‘ 8 karradan ziyod oshirilib, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati markazda ham, hududlarda ham yaratildi.

Insonning yashash va munosib mehnat qilish huquqlarini ta’minlash maqsadida ish o‘rinlari yaratish, aholini toza ichimlik suvi, uy-joy va zamonaviy tibbiyot bilan ta’minlash davlat siyosatining markazida ekaniga e’tibor qaratildi.

Bunga qadar, Prezidentimiz davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirish marosimida ishtirok etar ekan, Yangi O‘zbekistonning eng katta yutug‘i sifatida o‘z kuchiga ishongan, huquqlarini anglagan va mamlakat ertasiga daxldorlikni his qilayotgan «yangi inson» va jamiyat shakllanganini e’tirof etdi.

Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz arafasida O‘zbekiston Prezidenti inson huquqlari va bag‘rikenglik tamoyillariga sodiq qolgan holda 852 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Insonning iqtisodiy erkinliklarini kengaytirish doirasida tadbirkorlar uchun «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi va «birinchi xato uchun ogohlantirish» tizimi joriy etilishi e’lon qilinganini ham ta’kidlash lozim.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 02.09.2026 Ko'rishlar 62
Ulashish