Tinchlikni saqlash Birlashgan Millatlar Tashkilotining tashkil topishiga asos bo‘lgan birlamchi maqsaddir. BMT Nizomining muqaddimasi «kelgusi avlodlarni urush balosidan xalos etish» qat’iyati bilan boshlanadi, 1-moddaning 1-bandi esa xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlashni Tashkilotning birinchi maqsadi sifatida belgilaydi. Shu bilan birga, tinchlik faqat davlatlararo munosabatlarning huquqiy holati emas, balki jamiyatlarning ichki barqarorligi, inson qadr-qimmati va ijtimoiy adolat bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan murakkab hodisadir.
Ushbu keng tushunchani ramziy va amaliy shaklda ifodalash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi Xalqaro tinchlik kunini ta’sis etdi. Bu sana dastlab 1981-yilda 36/67-rezolyutsiya bilan e’lon qilingan, 2001-yilda esa 55/282-rezolyutsiya bilan har yili 21-sentyabrda qat’iy nishonlanadigan bo‘ldi.
Bu jihatdan 2026-yil – ikki karra yubiley yili. Ya’ni: birinchi rezolyutsiya qabul qilinganiga 45-yil, ikkinchisiga esa 25-yil to‘ldi.
Maqolaning maqsadi — Xalqaro tinchlik kunini shunchaki xalqaro kalendar sanasi sifatida emas, balki BMTning tinchlik sohasidagi me’yoriy faoliyatining evolyutsiyasini aks ettiruvchi institutsional hodisa sifatida tahlil qilishdan iborat.
Xalqaro tinchlik kuni g‘oyasi akademik muhitda tug‘ildi. Xalqaro universitet prezidentlari assotsiatsiyasi 1981-yil iyul oyida Kosta-Rikaning San-Xose shahrida o‘tkazilgan oltinchi uch yillik yig‘ilishida tinchlik yili, tinchlik oyi va tinchlik kunini e’lon qilish taklifini ilgari surdi. Kosta-Rika ushbu tashabbusni BMTga olib chiqdi va Bosh Assambleya 1981-yil 30-noyabrda, 77-yalpi majlisida «Xalqaro tinchlik yili va Xalqaro tinchlik kuni» nomli 36/67-rezolyutsiyani qabul qildi.
Rezolyutsiya muqaddimasida uning g‘oyaviy asosi aniq ko‘rsatilgan. Unda YUNESKO Nizomi muqaddimasidagi mashhur qoida — urushlar odamlar ongida boshlanar ekan, tinchlik himoyasi ham aynan odamlar ongida qurilishi lozimligi haqidagi fikr qayta tasdiqlangan. Shuningdek, faqat hukumatlarning siyosiy va iqtisodiy kelishuvlariga asoslangan tinchlik xalqlarning bir ovozdan, barqaror va samimiy qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmasligi, shu bois tinchlik insoniyatning intellektual va ma’naviy birdamligiga tayanishi zarurligi ta’kidlangan.
Muqaddimada, shuningdek, Bosh Assambleya tomonidan 1972-yilda BMT Universiteti va 1980-yilda Tinchlik universiteti tashkil etilganiga havola qilingan.
Rezolyutsiyaning operativ qismi uch banddan iborat. Birinchi band Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashni 1982 yilgi birinchi navbatdagi sessiyasida Xalqaro tinchlik yilini e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga taklif etadi. Ikkinchi band sentyabr oyining uchinchi seshanbasini — Bosh Assambleya navbatdagi sessiyasining ochilish kunini — Xalqaro tinchlik kuni deb e’lon qiladi va uni barcha millatlar va xalqlar ichida hamda ular o‘rtasida tinchlik g‘oyalarini nishonlash va mustahkamlashga bag‘ishlaydi. Uchinchi band davlatlar, BMT tizimi organlari, mintaqaviy va nodavlat tashkilotlar, xalqlar va shaxslarni ushbu sanani munosib tarzda, ayniqsa ta’limning barcha vositalari orqali nishonlashga chaqiradi.
Shunday qilib, dastlabki bosqichda Tinchlik kuni asosan ma’rifiy-tarbiyaviy va diplomatik-ramziy tusga ega edi. Uning Bosh Assambleya sessiyasining ochilishi bilan bog‘lanishi bu sanani tashkilotning ichki institutsional kalendariga birlashtirgan bo‘lsa-da, har yili o‘zgaruvchan sana keng jamoatchilik uchun uni tanib olishni qiyinlashtirardi.
Birinchi Xalqaro tinchlik kuni 1982-yilda Bosh Assambleyaning 37-sessiyasi ochilgan kuni nishonlandi.
1998-yilda Bosh Assambleya 52/232-rezolyutsiya bilan Kun sessiya ochilish kunida nishonlanishda davom etishini qayta tasdiqlagan edi. Biroq keyingi yillarda sanani mustaqil va barqaror qilish zarurati yaqqol namoyon bo‘ldi. 2001-yil 7-sentyabrda Bosh Assambleya asosiy qo‘mitaga yubormasdan, A/55/L.95 loyihasi asosida 55/282-rezolyutsiyani qabul qildi.
Rezolyutsiyaning kirish qismi uning mantiqini ochib beradi. Bosh Assambleya Kunning dunyo bo‘ylab zo‘ravonlik va nizolarni to‘xtatish uchun noyob imkoniyat yaratishini hamda uni global hamjamiyat o‘rtasida iloji boricha keng tanitish muhimligini qayd etadi. Ana shu maqsadlarga e’tiborni jalb etish uchun ushbu sanani Bosh Assambleya sessiyalarining ochilish kunidan ajratish istagi bildiriladi.
Operativ qismda uchta asosiy qoida mustahkamlangan. Birinchidan, Bosh Assambleyaning 57-sessiyasidan boshlab, ya’ni 2002-yildan e’tiboran Xalqaro tinchlik kuni har yili 21-sentyabrda nishonlanishi belgilandi. Ikkinchidan, Kun bundan buyon global o‘t ochishni to‘xtatish va zo‘ravonliksizlik kuni sifatida nishonlanishi — barcha millatlar va xalqlarga ayni sana davomida harbiy harakatlarni to‘xtatishga da’vat sifatida — e’lon qilindi. Uchinchidan, davlatlar, BMT tizimi tashkilotlari, mintaqaviy va nodavlat tashkilotlar hamda shaxslar bu sanani, jumladan, ta’lim va jamoatchilik xabardorligini oshirish orqali nishonlashga va global o‘t ochishni to‘xtatishni o‘rnatishda BMT bilan hamkorlik qilishga chaqirildi.
55/282-rezolyutsiyaning ahamiyati sanani o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. U Kunning mazmunini tubdan boyitdi: ramziy va ma’rifiy tadbirdan u nizolashayotgan taraflarga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri, garchi majburiy bo‘lmasa-da, gumanitar da’vatga aylandi.
Rezolyutsiya qabul qilinganidan to‘rt kun o‘tib sodir bo‘lgan 11-sentyabr voqealari esa ushbu da’vatning dolzarbligini fojiali tarzda tasdiqladi. Amaliyotda 24 soatlik sukunat davridan ayrim nizo hududlarida emlash kampaniyalari va gumanitar yordam yetkazib berish uchun foydalanilgan.
Xalqaro tinchlik kuni BMTning tinchlik sohasidagi kengroq me’yoriy tizimi ichida joylashgan. Uning huquqiy asosini, avvalo, BMT Nizomining kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid qilishni taqiqlovchi 2-moddasining 4-bandi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish majburiyatini belgilovchi 2-moddaning 3-bandi hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish vositalarini sanab o‘tuvchi 33-moddasi tashkil etadi.
Bosh Assambleya faoliyatida tinchlik tushunchasi bosqichma-bosqich inson huquqlari tilida ifodalana boshladi. 1984-yil 12-noyabrdagi 39/11-rezolyutsiya bilan qabul qilingan Xalqlarning tinchlikka bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya Yer yuzidagi xalqlarning tinchlikka muqaddas huquqi borligini e’lon qildi. 1999-yil 13-sentyabrdagi 53/243-rezolyutsiya bilan qabul qilingan Tinchlik madaniyati to‘g‘risidagi deklaratsiya va harakatlar dasturi tinchlikni zo‘ravonliksiz, muloqot, bag‘rikenglik va inson huquqlariga hurmatga asoslangan qadriyatlar, munosabatlar va xulq-atvor tizimi sifatida talqin qildi. 2016-yil 19-dekabrdagi 71/189-rezolyutsiya bilan qabul qilingan Tinchlikka bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi deklaratsiya esa har bir shaxs barcha inson huquqlari ta’minlangan va rivojlanish to‘liq amalga oshirilgan tinchlikdan bahramand bo‘lish huquqiga egaligini qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, tinchlikka bo‘lgan huquqning mustaqil subyektiv huquq sifatidagi maqomi xalqaro huquq doktrinasida hamon munozarali bo‘lib qolmoqda. 71/189-deklaratsiya ovoz berish orqali qabul qilingan va bir qator davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan edi. Shu bois tinchlikka bo‘lgan huquqni hozirgi bosqichda yuridik majburiy norma sifatida emas, balki xalqaro huquqning shakllanib borayotgan konsepsiyasi sifatida baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.
2016-yildan boshlab BMT tizimida «tinchlikni qo‘llab-quvvatlash» (sustaining peace) konsepsiyasi rivojlandi. Bosh Assambleyaning 70/262 va Xavfsizlik Kengashining 2282 (2016)-sonli, bir xil mazmundagi rezolyutsiyalari tinchlikni nizolardan keyingi tiklanish bosqichi bilangina cheklamasdan, nizoning oldini olish, uning ildiz sabablarini bartaraf etish va inklyuziv institutlarni mustahkamlashni qamrab oluvchi uzluksiz jarayon sifatida belgiladi. Ushbu yondashuv Barqaror rivojlanishning tinch va inklyuziv jamiyatlar, adolatga erishish va samarali institutlarga bag‘ishlangan 16-maqsadi bilan bevosita uyg‘unlashadi.
Global o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasi Xavfsizlik Kengashi amaliyotida ham o‘z aksini topdi. COVID-19 pandemiyasi davrida Kengash 2020-yil 1-iyuldagi 2532-rezolyutsiyasi bilan barcha vaziyatlarda harbiy harakatlarni umumiy va zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Bu Tinchlik kunida ilgari surilgan bir kunlik da’vatning universal xavf sharoitida institutsional talabga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Xalqaro tinchlik kuni BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida an’anaviy ravishda Tinchlik qo‘ng‘irog‘ini chalish marosimi bilan boshlanadi. Qo‘ng‘iroq 1954-yilda Yaponiyaning BMT assotsiatsiyasi tomonidan sovg‘a qilingan va turli mamlakatlar bolalari hadya etgan tangalardan quyilgan. U insoniyatning urush qurbonlari xotirasini yodda saqlash va tinchlikka intilishining ramzi hisoblanadi.
Kun har yili muayyan mavzu ostida o‘tkaziladi. Masalan, 2024-yilda u Tinchlik madaniyati to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 25-yilligi munosabati bilan «Tinchlik madaniyatini shakllantirish» mavzusiga bag‘ishlangan edi. 2026 yilgi mavzu «Tinchlikka sarmoya kiriting — hamma uchun, hamma joyda, har kuni» deb belgilandi. Mavzu tinchlikni faqat diplomatlar va hukumatlarning vazifasi sifatida emas, balki mahallalar, maktablar va jamoalarda mahalliy harakat qilayotgan oddiy odamlarning kundalik sa’y-harakatlari natijasi sifatida talqin etadi.
«Sarmoya» tushunchasining tanlanishi tasodifiy emas. U tinchlikni ijtimoiy-iqtisodiy resurslar talab qiluvchi uzoq muddatli jarayon sifatida ko‘rishga, harbiy xarajatlar va tinchlik qurilishiga ajratilayotgan mablag‘lar nisbatini qayta baholashga da’vat etadi. Bu yondashuv yuqorida qayd etilgan «tinchlikni qo‘llab-quvvatlash» konsepsiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari — tinchliksevarlik, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish — mamlakat qonunchiligida mustahkamlangan. Ushbu tamoyillar bir qator xalqaro tashabbuslarda amaliy ifodasini topgan.
Birinchidan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona tashkil etish g‘oyasining tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Tegishli shartnoma 2006-yil sentyabr oyida Semipalatinsk shahrida imzolangan va 2009-yilda kuchga kirgan. Bu shimoliy yarimsharda yaratilgan birinchi bunday zonadir.
Ikkinchidan, O‘zbekiston tashabbusi bilan Bosh Assambleya 2018-yil 22-iyunda «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» nomli 72/283-rezolyutsiyani ovoz berishsiz qabul qildi. Loyihani taqdim etar ekan, O‘zbekiston vakili uning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi yaqin hamkorligiga xalqaro hamjamiyat ko‘magini olish ekanligini ta’kidladi. Rezolyutsiya, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va rivojlanishga ko‘maklashishga qaratilgan mintaqaviy sa’y-harakatlarni rag‘batlantirdi.
Uchinchidan, 2018-yil 12-dekabrda O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli 73/128-rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjat tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida ma’rifatni yoyish, o‘zaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish va bag‘rikenglikning ahamiyatini e’tirof etadi. Ushbu rezolyutsiya 36/67-rezolyutsiyada ilgari surilgan «tinchlikni ta’lim orqali qurish» g‘oyasi bilan mazmunan uyg‘undir.
Mazkur tashabbuslarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, O‘zbekistonning tinchlik sohasidagi yondashuvi uch yo‘nalishni birlashtiradi: qurolsizlanish va ishonch choralari, mintaqaviy hamkorlik hamda ma’rifat va bag‘rikenglikka asoslangan profilaktika. Bu yondashuv BMTning «tinchlikni qo‘llab-quvvatlash» konsepsiyasiga to‘la mos keladi.
Xalqaro tinchlik kunining samaradorligi haqida gapirganda, uning cheklovlarini ham tan olish zarur. Birinchidan, 55/282-rezolyutsiyadagi global o‘t ochishni to‘xtatish da’vati majburiy kuchga ega emas va uning bajarilishini nazorat qiluvchi mexanizm mavjud emas. Ikkinchidan, qurolli nizolar soni va ular tufayli majburan ko‘chirilganlar miqdori so‘nggi yillarda ortib borayotgani Kunning ramziy da’vati bilan real vaziyat o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatmoqda. Uchinchidan, tinchlikka bo‘lgan huquqning huquqiy tabiati masalasida davlatlar o‘rtasida konsensus yo‘qligi uni amaliy vosita sifatida qo‘llashni qiyinlashtiradi.
Shunga qaramay, bu cheklovlar Kunning ahamiyatini inkor etmaydi. Majburiy bo‘lmagan xalqaro hujjatlarning roli ko‘pincha to‘g‘ridan to‘g‘ri huquqiy oqibatlarda emas, balki me’yoriy kutishlarni shakllantirish, xalqaro kun tartibini belgilash va jamoatchilik ongini o‘zgartirishda namoyon bo‘ladi.
36/67 va 55/282-rezolyutsiyalar birgalikda Xalqaro tinchlik kunining ikki bosqichli evolyutsiyasini aks ettiradi. Birinchi rezolyutsiya tinchlikni ta’lim va insoniyatning ma’naviy birdamligi orqali qurish g‘oyasini ilgari surib, Kunni ma’rifiy va diplomatik platforma sifatida ta’sis etdi. Ikkinchi rezolyutsiya esa sanani qat’iylashtirish orqali Kunni global jamoatchilik uchun tanish qildi va uni o‘t ochishni to‘xtatish hamda zo‘ravonliksizlikka qaratilgan amaliy da’vat bilan boyitdi.
Bugungi kunda Tinchlik kuni BMT Nizomidagi kuch ishlatishni taqiqlash normalaridan tortib, tinchlik madaniyati va tinchlikni qo‘llab-quvvatlash konsepsiyalarigacha bo‘lgan keng me’yoriy tizimni yagona ramziy sana atrofida birlashtiradi. 2026 yilgi «Tinchlikka sarmoya kiriting» mavzusi esa tinchlik bir martalik holat emas, balki doimiy sa’y-harakat va resurslarni talab qiluvchi jarayon ekanligini eslatadi.
O‘zbekiston uchun bu, avvalo, mintaqaviy hamkorlik, qurolsizlanish va ma’rifatga asoslangan tashabbuslarni izchil davom ettirishni hamda tinchlikni inson huquqlari bilan uzviy bog‘liq holda ta’minlashni anglatadi.
Asilbek MIRJALILOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
