Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BRIFING

Joriy yil 28–29-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60-yil va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40-yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik» mavzusida o‘tkaziladi.

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston–2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni doirasida tashkil etilmoqda.

Forum tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi hisoblanadi.

Bo‘lajak Forum BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlanadi.

Forumda 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilot vakillari off-layn va on-layn formatda ishtirok etishi kutilmoqda.

Dasturga ko‘ra, birinchi kun Forumning tantanali ochilishi, 2 ta yalpi majlisi va parallel tarzdagi 7 ta sho‘ba sessiyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kuni yakunlovchi yalpi majlis Samarqandda o‘tkazilib, unda Forumning Yakuniy hujjati qabul qilinadi.

Bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘langan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda.

Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi dasturi doirasidagi muhokamalar ham aynan shu maqsad va vazifalarga qaratiladi.

Forumning asosiy g‘oyasi – inson qadri, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Samarqand forumining muhim yubiley sanalari nishonlanayotgan yilda o‘tkazilishi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga izchil sodiqligini va inson huquqlari bo‘yicha global muloqotni rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga intilishini tasdiqlaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 25.09.2026 Ko'rishlar 42
Ulashish