Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BUTUNJAHON TURIZM KUNI: O‘ZBEKISTON TURIZMI — ISLOHOTLAR, XALQARO HAMKORLIK VA NATIJALAR

«Turizm mamlakatlarimizning umumiy farovonligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashning muhim omilidir».

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Har yili 27-sentyabr sanasi dunyo bo‘ylab Butunjahon turizm kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi xalqaro kunlar orasida alohida ahamiyatga ega, chunki u insoniyatning eng qadimiy ehtiyojlaridan biri bo‘lib, bu esa bir-birini bilish, tanish va tushunish ehtiyoji bilan bog‘liqdir.

Bu kun bejiz tanlanmagan. Binobarin, aynan 1970-yilning 27-sentyabrida Butunjahon turizm tashkilotining Ustavi qabul qilingan bo‘lib, 1980-yildan buyon tarixiy kun rasman nishonlab kelinmoqda.

Butunjahon turizm kunining maqsadi turizmning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy qadriyatlarini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etish, uning barqaror taraqqiyotdagi o‘rnini kengroq anglatishdan iboratdir. Bugungi kunda turizm sohasi dunyo bo‘yicha har o‘n kishidan biriga ish o‘rni bermoqda, yuz millionlab oilalarning tirikchilik manbaiga aylangan. Shu bois BMT turizmni nafaqat iqtisodiy tarmoq, balki ijtimoiy taraqqiyot, ta’lim va bandlikning katalizatori sifatida baholaydi.

Butunjahon turizm kuni 2026-yilda «Turizmni qayta loyihalash uchun raqamli kun tartibi va sun’iy intellekt» mavzusi ostida o‘tkazilmoqda. Joriy yildagi bayram tadbiriga Salvador Respublikasi mezbonlik qilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu yilgi murojaatida sun’iy intellekt sayyohning manzil tanlashidan tortib xizmatlar ko‘rsatish jarayonigacha butun sohani o‘zgartirayotganini, u kichik biznesni kuchaytirishi va yangi imkoniyatlar yaratishi mumkinligini, ammo nazoratsiz qoldirilsa, sayyohlar oqimini bir necha mashhur manzil va platformalarga toraytirib, boshqa o‘nlab munosib yo‘nalishlarni chetda qoldirishi mumkinligini ta’kidladi. Bosh kotibning xulosasi aniq va qat’iy bo‘lib, texnologiya insoniyat manfaatlariga xizmat qilishi lozim.

 

O‘zbekistonning xalqaro turizm institutlaridagi

ishtiroki

 

O‘zbekiston Respublikasi Butunjahon turizm tashkilotiga 1993-yil 4-oktyabrda a’zo bo‘lgan va bu bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib ushbu ixtisoslashgan tuzilma safidan o‘rin olgan. O‘shandan buyon o‘tgan o‘ttiz yildan ziyod vaqt ichida bu a’zolik shunchaki rasmiy maqomdan amaliy, natijaga yo‘naltirilgan strategik sheriklikka aylandi. Tashkilot 2024-yilda o‘z nomini soddalashtirib, xalqaro muomalada «BMT-Turizm» shaklida faoliyat yuritmoqda.

Hamkorlikning institutsional shakllari yildan yilga kengayib bormoqda. Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘lida turizmni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz va tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Ipak yo‘lida turizm» tematik ofisi faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Samarqandda mamlakatimizdagi turizm sohasidagi birinchi oliy ta’lim muassasasi – «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tashkil etilgan. Bu yerda o‘nlab davlatlardan kelgan talabalar tahsil olmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyalari tashkilotning Ijroiya kengashi va Yevropa komissiyasi ishida muntazam ishtirok etib keladi. Xususan, O‘zbekiston 2023–2027-yillarga mo‘ljallangan muddatga Ijroiya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilingani e’tiborga sazovor.

 

Samarqand sessiyasi: mintaqa uchun tarixiy voqea

 

Ikki tomonlama hamkorlikning eng yuqori nuqtasi 2023-yil 16–20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi bo‘ldi.

Anjumanda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan yuqori darajadagi delegatsiyalar, shu jumladan o‘nlab turizm vazirlari ishtirok etdi. Assambleya sessiyasining Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilishi mintaqa uchun chinakam tarixiy voqea sifatida baholandi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston Prezidenti global turizmning dolzarb muammolariga daxldor bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ular orasida BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish, «yashil» turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish, inklyuziv turizm infratuzilmasini kengaytirish, Tashkilot huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish, shuningdek, Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish takliflari alohida tahsinga loyiq.

Aynan shu sessiyada Samarqandga «Madaniy turizmning xalqaro poytaxti» maqomini berish to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu hujjatlar O‘zbekistonning xalqaro turizm arxitekturasidagi o‘rnini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Mamlakatimiz endilikda faqat sayyohlarni qabul qiluvchi manzil emas, balki soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash, huquqiy me’yorlar yaratish va xalqaro muhokamani shakllantirish markazlaridan biriga aylanmoqda.

 

Ichki islohotlar: turizmga har yilgi izchil e’tibor

 

So‘nggi yillarda turizm O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu e’tibor har yili aniq huquqiy hujjatlar orqali xususan, Prezident farmon va qarorlari, davlat dasturlari va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan tegishli vazifalar orqali ifodalanmoqda.

Bu maqsad-vazifalarni bir necha yo‘nalishga ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, viza siyosatining liberallashuvi. Bugungi kunda yuzga yaqin davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tizimi qo‘llanilmoqda. Bunday chora sayyohlar uchun kirish to‘siqlarini keskin kamaytirdi.

Ikkinchidan, infratuzilma va investitsiyalar. Mehmonxona o‘rinlari soni bosqichma-bosqich ko‘paytirilib, yangi turistik marshrutlar ochildi, xususiy aviakompaniyalar faoliyat boshladi. Faqat Samarqand shahrining o‘zida turistik infratuzilmani yangilashga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yaqinda turizm sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida subsidiyalar joriy etilgani ham shu siyosatning davomidir.

Uchinchidan, transport infratuzilmasi integratsiyasi. Tezyurar poyezdlar parki kengaytirilmoqda, yangi temir yo‘l yo‘nalishlari qurilmoqda, aviaqatnovlar sonini bir necha barobar oshirish va aeroportlarda «ochiq osmon» rejimini joriy etish vazifasi belgilangan. Sayyohlar oqimining o‘sishi aynan xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi bilan uzviy bog‘liq holda kechmoqda.

To‘rtinchidan, madaniy meros va ziyorat turizmi. Mamlakatda sakkiz mingdan ortiq madaniy meros obyekti mavjud bo‘lib, ularning ikki yuzdan ziyodi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, «Ko‘hna tarix durdonalari» milliy dasturi doirasida sayyohlarni jalb qiladigan meros obyektlari soni bir necha barobar ko‘paytirilib, yuzlab yodgorliklar restavratsiya qilinmoqda, ayrimlarida «ochiq osmon ostidagi muzey»lar tashkil etilmoqda.

Beshinchidan, kadrlar va xavfsizlik. O‘zbekistondagi o‘ttizdan ortiq oliy ta’lim muassasasida soha mutaxassislari xalqaro standartlar asosida tayyorlanmoqda. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida alohida turizm politsiyasi tashkil etilgan.

E’tiborlisi, bunday qamrovdor islohotlarning samarasi statistik ko‘rsatkichlarda yanada aniq aks etmoqda. Xususan, 2023-yilda mamlakatga 6,6 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich sezilarli oshdi, 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa O‘zbekistonga 11,7 million xorijiy fuqaro sayyohlik maqsadida tashrif buyurdi. Bu salmoqli raqam mamlakatimiz tarixidagi eng yuqori natijadir.

O‘zbekiston 2025-yil aprel oyidan boshlab tarixda birinchi marta har oyda bir milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qila boshladi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yilning o‘n bir oyida mamlakatga 200 ta davlatdan sayyohlar kelgan. Ularning yosh tarkibida eng katta ulushning besh milliondan ortig‘ini 31–55 yoshdagi faol mehnat va sayohat yoshidagi kishilar tashkil etgan.

Bu o‘sish xalqaro darajada ham e’tirof etildi. Butunjahon turizm tashkilotining «World Tourism Barometer» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilning to‘qqiz oyida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sish qayd etilgan yettita davlat qatoriga kirdi. Binobarin, mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi 2019-yil darajasiga nisbatan 73 foizga oshdin. Shu davrda O‘zbekiston Yevropa mintaqasi bo‘yicha eng yuqori o‘sishga erishgan to‘rtta yo‘nalish qatoridan ham o‘rin oldi.

Joriy, 2026-yilda ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Yilning dastlabki sakkiz oyida mamlakatga 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘pdir. Eng yuqori o‘sish sur’ati Xitoy hissiga to‘g‘ri kelib, mazkur mamlakatdan tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,3 barobar ko‘paydi.

Sohaning iqtisodiy samadorligi ham shunga mos ravishda yuqoridir. Xususan, 2025-yilda turistik xizmatlar eksporti rekord darajaga — 3,6 milliard AQSH dollaridan oshdi.

O‘z navbatida, 2026-yilning yetti oyida bu ko‘rsatkich 3,9 milliard dollarga yetdi. Turizm shu tariqa mamlakatimizning barqaror va tez o‘suvchi sohasiga aylanmoqda.

Sifat ko‘rsatkichlari ham e’tiborga loyiq. O‘zbekiston «Gallup» tadqiqot markazining sayohat uchun xavfsiz davlatlar reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda, «National Geographic Traveler Awards» ro‘yxatida gastronomik turizm nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan, «Jahon musulmon sayyohlari indeksi»da esa eng kuchli sayohat yo‘nalishlaridan biri sifatida tan olingan.

Bu yilgi Butunjahon turizm kunining raqamli kun tartibi va sun’iy intellektga bag‘ishlanishi O‘zbekiston uchun ham bevosita amaliy ahamiyatga ega. Sayyohning manzil tanlashi, aviachipta va mehmonxona bron qilishi, marshrut tuzishi bugun algoritmlar tavsiyasi orqali kechmoqda.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, raqamli ko‘rinuvchanlik masalasini oldingi o‘ringa olib chiqadi. Xalqaro platformalarda to‘g‘ri, boy va ko‘p tilli ma’lumotga ega bo‘lmagan manzil, qanchalik betakror bo‘lmasin, sayyoh e’tiboridan chetda qolish xavfi ostida turadi.

O‘zbekiston uchun Buyuk ipak yo‘lining me’moriy durdonalari, hunarmandchilik an’analari, gastronomiya va noyob tabiat obyektlari haqidagi raqamli kontentni xalqaro standartlarda shakllantirish, milliy turistik ma’lumotlar bazalarini ochiq va mashina o‘qiy oladigan holatga keltirish, sun’iy intellektga asoslangan tarjima va yo‘l ko‘rsatuv xizmatlarini joriy etish –bularning barchasi yaqin yillarning aniq vazifalaridir. Shu ma’noda, BMT Bosh kotibi ta’kidlagan «texnologiya insoniyatga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil mamlakatimiz va mintaqamiz uchun oddiy shior emas, balki o‘z merosini global raqamli maydonda munosib namoyon etish masalasidir.

 

Mintaqaviy o‘lchov va ichki turizm

 

O‘zbekiston turizm siyosatining yana bir muhim jihati — uning mintaqaviy mohiyati hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, xususan «Bir tur — butun mintaqa» g‘oyasini amalga oshirish diqqat markazida turibdi.

Bunday yondashuv mintaqani xalqaro bozorda yagona, raqobatbardosh turistik brend sifatida taqdim etish imkonini beradi. Qolaversa, uzoq masofadan keladigan sayyoh uchun sayohatni iqtisodiy jihatdan yanada maqbul qiladi.

Ayni paytda ichki turizm ham mustaqil ustuvor yo‘nalish sifatida shakllanmoqda. Yirik shaharlar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda turizm klasterlari tashkil etilmoqda, an’anaviy turmush tarzi va hunarmandchilikka asoslangan turizm qishloqlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ayniqsa, «Amirsoy» qishki kurorti, «Afsonalar vodiysi», «Zomin» va «Chorvoq» hududlari nafaqat ichki sayyohlar, balki xorijlik mehmonlar uchun ham tanilgan maskanlarga aylandi. Tibbiy, ekologik, gastronomik, etno va ekstremal turizm yo‘nalishlarining rivojlantirilishi esa mavsumiylik muammosini yumshatib, daromadni yil davomida tekis taqsimlash imkonini bermoqda.

Xulosa qilib aytganda, 27-sentyabr – O‘zbekiston uchun nafaqat xalqaro taqvimdagi sana, balki o‘ttiz yildan ziyod davom etayotgan xalqaro hamkorlik va so‘nggi yillardagi izchil islohotlar natijalarini sarhisob qilish imkoniyatidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, Butunjahon turizm tashkilotiga 1993-yildagi a’zolikdan 2023-yildagi Samarqand sessiyasigacha, olti milliondan o‘n bir yarim million sayyohgacha bo‘lgan yo‘l mamlakatimizning ochiqlik siyosati va tizimli yondashuvi mevasidir.

Ayni paytda erishilgan natijalar yakuniy nuqta emas. Zero, 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga, ichki turizm oqimini 25 millionga yetkazish, soha hisobiga kamida bir million yangi ish o‘rni yaratish vazifasi belgilangan.

Bu maqsadlarga erishish infratuzilma va investitsiya bilan bir qatorda xizmat sifati, kadrlar tayyorgarligi, madaniy meros muhofazasi va raqamli transformatsiya masalalarini birdek hal etishni talab qiladi. Turizm esa, mohiyatan, faqat iqtisodiy ko‘rsatkich emas u xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashuvni kuchaytiradigan, bag‘rikenglik va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan qudratli vosita hamdir.

 

Sevinch JAMSHIDOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Nashr sanasi 26.09.2026 Ko'rishlar 168
Ulashish