Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga tashrifi davom etmoqda. Delegatsiya a'zolari BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qo'mitasi majlislarida qatnashmoqda.
Tashrif doirasida IHT Komissiyasi a'zolari 23 oktyabr kuni BMT Bolalar jamg'armasi – YUNISEFning Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo'ldilar. Bu yerda YUNISEF Dasturlashtirish boshqarmasi ijrochi direktori Henrietta Axrens va ushbu Boshqarmaning Inson huquqlari bo'limi dasturlashtirish bo'yicha menejeri Ratxa Jhaveri xonimlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
IHT Komissiyasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, avvalambor, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini qo'llab-quvvatlash jarayonlari haqida to'xtaldi. Ayni paytda Konventsiya loyihasi ishlab chiqilgani va xalqaro miqyosda muhokama qilinayotgani ta'kidlandi.
Oktyabr oyi boshida Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi O'zbekiston Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ofisi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan yirik xalqaro anjuman tashkil etgani haqidagi ma'lumotlar ham YUNISEF xodimlarida katta qiziqish uyg'otdi.
Uchrashuv asnosida ushbu nufuzli seminarda qabul qilingan Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi matni taqdim etildi.
Tomonlar, shuningdek, IHTning ikkita hujjati – Islomda inson huquqlari deklaratsiyasi va Bola huquqlari bo'yicha pakt loyihalari bo'yicha fikr almashdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.10.2019
- Ko'rishlar: 5337
- Chop etish