Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qo'mitasi majlislarida qatnashmoqda.
IHT Komissiyasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov 25 oktyabr` kuni, AQShga tashrifi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo'ravonlik masalalari bo'yicha maxsus vakili Najat Maalla M'Jid bilan uchrashdi.
Muloqotda avvalo joriy yilda Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganiga 30 yil to'layotgani haqida so'z bordi. Bola huquqlarini himoya qilish bo'yicha asosiy xalqaro hujjat sifatida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 29 noyabrda qabul qilingan mazkur Konventsiyani O'zbekiston 1992 yil 9 dekabrda ratifikatsiya qilgan.
BMT Bosh kotibining maxsus vakili 2019 yil 10 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig'iga binoan o'zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelinganini qutladi. Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og'ir sharoitda yashayotgan edi.
Bundan avval Suriyadagi qonli janggohlardan 157 nafar vatandoshimiz yurtimizga qaytarib olib kelingandi. Ularning orasida ham norasidalar ko'pchilikni tashkil etadi.
Uchrashuvda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, ushbu muhim xalqaro hujjatning bola huquqlarini ta'minlash borasidagi ahamiyati ham muhokama qilindi. Bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida milliy qonunchilikda ijobiy o'zgarishlar yuz bergani e'tirof etildi.
Xususan, joriy yil sentyabrida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi. Yangi qonunlarga ko'ra, davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog'ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasi ishlab chiqilgani ta'kidlandi. Ayni vaqtda ushbu loyiha xalqaro miqyosda muhokama qilinmoqda.
Ma'lumki, IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi O'zbekiston Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ofisi bilan hamkorlikda yaqinda Toshkent shahrida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan yirik xalqaro anjuman o'tkazdi.
Ushbu nufuzli seminar yakunlari bo'yicha qabul qilingan Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi Najat Maalla M'Jid janoblarida katta qiziqish uyg'otdi.
Tomonlar, shuningdek, IHTning ikkita hujjati – Islomda inson huquqlari deklaratsiyasi va Bola huquqlari bo'yicha pakt loyihalarini qabul qilish istiqbollari bo'yicha fikr almashdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.10.2019
- Ko'rishlar: 5576
- Chop etish