Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 38 turdagi reabilitatsiya vositalari kafolatlangan tarzda beriladi
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Hozirgi kunda ular uchun kafolatlangan tarzda beriladigan reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 38 tagacha oshirildi, ularni moliyalashtirish uchun 138,2 mlrd so‘m yo‘naltirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda jami 1 million 58 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi, shundan 173 ming nafarini nogironligi bo‘lgan bolalar tashkil etadi. So‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ularga nogironlikni rasmiy belgilash, xizmatlar va ijtimoiy ko‘mak bilan qamrab olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallalarda ijtimoiy xodimlar tomonidan uyma-uy o‘rganishlar natijasida 34,2 ming nogironligi bor, lekin oldin rasmiy ro‘yxatda bo‘lmagan shaxs aniqlanib, ularga nogironlik belgilandi (2024 yilda – 21,1 ming, 2025 yilda – 13,1 ming).
Joriy yildan nogironlik belgilash jarayoni yagona standartlar va raqamlashtirilgan tizim asosida amalga oshirilmoqda. Murojaat qilish imkoniyatlari kengayib, endilikda fuqarolar: «Inson» markazlari, mahalla ijtimoiy xodimlari, my.gov.uz yagona portali, oilaviy shifokorlar orqali nogironlikni belgilash uchun ariza berishi mumkin.
Protez va reabilitatsiya vositalariga muhtoj 91,9 ming nogironligi bo‘lgan shaxs kerakli moslamalar bilan ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3 baravar, 2024 yilga nisbatan esa 1,5 baravar yuqori. Mazkur maqsadlar uchun 138,2 mlrd so‘m ajratilgan.
Kafolatlangan tarzda beriladigan reabilitatsiya vositalari ro‘yxati avvalgi 18 ta nomdan 38 tagacha kengaytirildi (2024 yilda +12 ta, 2025 yilda yana +8 ta).
Mazkur vositalarni olgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning 7,3 ming nafarining rasmiy bandligi ta’minlandi, 5 ming kishi ta’limga, 1 ming kishi esa adaptiv sport turlariga jalb etildi.
Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash doirasida “Ijtimoiy taksi” xizmati, inklyuziv ta’lim guruhlari, kunduzgi parvarish markazlari, adaptiv sport turlari reyestri va yangi bandlik platformalari orqali ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский