Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Norvegiyalik turoperator O‘zbekistondagi Ipak yo‘li xazinalarini targ‘ib qilmoqda

Norvegiyaning “Elite Trave” turoperatori O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xorijiy sayyohlar orasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ipak yo‘li xazinalari” (Silkeveiens skatter) nomli maxsus turistik dasturni taqdim etdi.

Mazkur turistik dastur Norvegiya fuqarolarini O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan bo‘lib, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini qamrab oladi.

Tur dasturi doirasida sayyohlar qadimiy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligi, tarixiy masjid va madrasalar, Buyuk ipak yo‘li davriga oid me’moriy yodgorliklar, shuningdek, YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy ob’ektlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Dasturda O‘zbekistonning milliy madaniyati, an’analari va gastronomik merosiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, sayyohlar mahalliy oilalardan birining xonadonida mehmon bo‘lib, o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash jarayonida ishtirok etadi. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Chorsu” bozoriga tashrif buyurib, mahalliy aholining kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishadi. Turning yana bir o‘ziga xos jihati — unda taniqli xalqaro jurnalist Morten Strandning sayohat rahbari va ma’ruzachisi sifatida ishtirok etishi turni yanada mazmunli va jozibador qilishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonga bag‘ishlangan mazkur maxsus turistik dasturning ishlab chiqilishi mamlakatimizning Skandinaviya mamlakatlari turistik bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Xususan, Norvegiyadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimining so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sishi mazkur bozorda mamlakatimizning turistik salohiyatiga qiziqish kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda Norvegiyadan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 3,6 baravarga oshgan.

Bu kabi ixtisoslashtirilgan turistik dasturlarning xorijiy turoperatorlar tomonidan yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish, yangi turistik oqimlarni shakllantirish hamda Skandinaviya mamlakatlari bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Nashr sanasi 17.08.2026 Ko'rishlar 35
Ulashish