Ma'lumki, 2019 yil 22 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar bo'lib o'tdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham ushbu saylovlarda ishtirok etib, 130-saylov okrugidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi. Shu munosabat bilan 4 yanvar` kuni Kasbi tumanining 2-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabidagi uchrashuvga ta'lim maskani jamoasi bilan birga, xayrixoh saylovchilar, yangi saylangan deputatning ishonchli vakillari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faollari to'plandi.
Muloqotda, xalqaro kuzatuvchilarning missiyalari va delegatsiyalarining bayonotlarida haqli ravishda alohida ta'kidlanganidek, ushbu saylovlar Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yili boshlangan va O'zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotini bosqichma-bosqich o'zgartirish va yuksaltirishga yo'naltirilgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida o'tkazilgani e'tirof etildi.
“Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo'lib o'tgan bu ulkan ijtimoiy-siyosiy tadbir mamlakatimizda ortga qaytmas xarakter kasb etgan modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonlarining muhim bosqichi hisoblanishi ta'kidlandi.
Uchrashuv qatnashchilariga akademik A.Saidovning yangi ilmiy-ijodiy asarlari sovg'a qilindi. Markazning «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiyasi doirasida mazkur ta'lim maskani qoshida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilinib, beg'araz asosda 100 ta kitob taqdim etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.01.2020
- Ko'rishlar: 4821
- Chop etish