“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi: takliflar ochiq muhokamada (+video)
Bugun xalqimiz bilimli va hushyor, o‘z hayoti, jamiyat rivojiga daxldor bo‘lgan barcha masalalarga sinchkovlik bilan qaraydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslarga muvofiq, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
Loyihada 100 ta maqsad bo‘yicha 450 dan ortiq samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Aholi fikrini olish uchun esa regulation.gov.uz hamda uzbekistan2030.uz veb-saytlarida ochiq muhokamaga qo‘yilgan.
Izohlar orasida asosli va qiziqarli takliflar ko‘p. Ularni har tomonlama o‘rganish va muhokama qilish maqsadida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida soha mutaxassislari, taklif yo‘llagan jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbarlari taklif yo‘llagan fuqarolarning fikrlarini muhokama qildilar.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, takliflarning katta qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalariga oid bo‘lmoqda. Jumladan, oila, sud, bola huquqlari, gender tenglik bo‘yicha bildirilgan takliflarga e’tibor qaratilib, ayni masalada ekspertlar va ishtirokchilar erkin fikr almashdi.
– O‘tgan qisqa vaqt ichida Strategiya loyihasi bo‘yicha yurtdoshlarimizdan 2 ming 500 ga yaqin fikr va izohlar kelib tushdi, – deydi Taraqqiyot strategiyasi markazi direktori Eldor Tulyakov. – Ular mutaxassislar tomonidan har kuni saralanib, o‘rganib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, takliflarning katta qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalariga tegishlidir.
Takliflarni tegishli vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha ko‘rib chiqib, takomillashtirishga kelishib olindi. Ular aholi turmush darajasi va sohalardagi natijadorlikka ta’sir etuvchi sifat ko‘rsatkichlarini shakllantirishda inobatga olinadi.
Bunday ochiqlik va o‘zaro fikr almashuvlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini chinakam xalqchil strategiyaga aylantirishda muhim omildir.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘ktam HAITOV (surat), O‘zA
Ўзбекча
English
Русский