O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX qurultoyi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston Qahramonlari, senatorlar, mazkur jamoat tuzilmasining hamkori bo‘lgan vazirlik va tashkilotlar, idoralarning mutasaddilari, qurultoyga saylangan delegatlar, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkilotining vakillari    qatnashdi.  

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov  “Yangi O‘zbekiston –  yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2021-2025 yillardagi faoliyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi  asosida milliy taraqqiyotning yangi bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari to‘g‘risida” ma’ruza qildi.

E’tirof etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan yangilanish jarayonlari, inson manfaatlarini ta’minlashdagi sa’y-harakatlar va tashabbuslar natijasida xalqimiz hayot farovonligi tobora ortmoqda.  

Aytish kerakki, Federatsiyaning 9-qurultoyi kasaba uyushmalari uchun tarixiy bo‘lgan kunda o‘tmoqda. Sababi kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soha xodimlari va faollari bilan muloqoti tarixiy voqea bo‘ldi. Yurtimiz tarixida mamlakat rahbarining kasaba uyushmalari vakillari bilan yirik miqyosdagi ushbu uchrashuvi  sohaga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy natijasidir.  

Qurultoyda ta’kidlanganidek, yurtimizda kechayotgan islohotlarga hamohang tarzda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Hisobot davrida safi 8 million nafar ishchi-xodimlardan iborat bo‘lgan  kasaba  uyushmalari mehnatkashlarning huquqiy himoyasini ta’minlash bilan birga mehnat sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 2,5 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjat loyihalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritdi.  

Tizimda Mehnat inspeksiyasining tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Hisobot davrida kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan 13 mingdan ziyod tashkilotda qariyb 46 mingga yaqin kamchilik aniqlanib, ularning aksariyati bartaraf etildi. Jamoatchilik nazorati orqali qariyb 500 ming nafar xodimning huquqi tiklanib, ular foydasiga 267 milliard so‘m undirib berildi.

Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha muzokara va maslahatlashuv asosida ijtimoiy-mehnatga doir masalalar hal etildi.  

Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ko‘rib chiqilib, o‘tgan besh yil ichida bu miqdor 2 barobarga oshdi.  

2025 yilga kelib jamoa shartnomalarining soni 2021 yildagi 110 mingdan 127 mingga, qamrab olingan xodimlar soni esa 4,3 milliondan 5 million 540 ming nafarga yetdi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali  960 mingdan ortiq ayollar, yoshlar va keksalar manzilli qo‘llab-quvvatlandi.

Tahlillarga ko‘ra, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar kiritilishi natijasida respublika bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga bir yil davomida sarflangan mablag‘ 10 million 89 ming so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2021  yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.

Aholining kam ta’minlangan qatlamlari ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha ham salmoqli ishlar bajarildi. “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar  kam ta’minlangan ayolga ko‘mak ko‘rsatildi. Yurtimizning barcha hududlarida  969 ta kooperatsiya usulidagi loyiha tufayli  124 mingdan ziyod aholi, jumladan, 90 ming nafardan ortiq   ayollarning bandligini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. 5 ta vazirlik va uning tarkibiy tuzilmalarida genderga oid audit yo‘lga qo‘yildi. Federatsiyaning “1211” Ishonch telefoniga xotin-qizlardan tushgan  200 mingdan ortiq murojaatning 99,6 foizida ko‘tarilgan masalalar hal etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 11 noyabrning  “Kasaba uyushmalari kuni” deb e’lon qilinishi soha tarixiga zarhal harflar bilan yozildi.  

2021 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi tashkil etildi. Ilmiy izlanishlar natijasida mamlakatimizda ilk kasaba uyushmalari harakati 1905 yilda boshlanganligi va bu yil uning tashkil etiganiga 120 yil to‘lishi  arxiv hujjatlari asosida o‘z tasdig‘ini topdi.  

O‘zbekiston kasba uyushmalari tarixida ilk bor 2025 yilda o‘tkazilgan saylovlarda barcha darajadagi kasaba uyushmalari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari muqobillik asosida yashirish ovoz berish  yo‘li bilan saylandi. Bu tashabbus O‘zbekiston kasaba uyushmalari nufuzini xalqaro miqyosda yanada oshirdi.

O‘z saflarida 8 million a’zoni birlashtirgan kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Malaka oshirish instituti bugun soha mutaxassislari uchun ixtisoslashgan ta’lim muassasasiga aylandi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufida Markaziy Osiyoda yagona Mehnat va ijtimoiy munsabatlar akademiyasi tashkil etildi. Akademiya bugungi kunda soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashda muhim platforma vaztifasini bajarmoqda.  

1991 yildan 2017 yilgacha o‘tgan 26 yil davomida kasaba uyushmalari tizimida 1 ta yangi sanatoriy qurilgan bo‘lsa, oxirgi 9 yil davomida tizimda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi va yana 10 ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Natijada o‘rinlar soni 2017 yilga nisbatan 2 ming 43 taga oshib, yiliga qo‘shimcha 60 mingdan ziyod aholini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi.  

Hisobot davrida Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 900 mingga yaqin  fuqaro sog‘lomlashtirildi. Ularning 43 foiziga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, salomatligi mustahkamlandi.  

Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, 2022 Federatsiya tizimida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi. Faoliyatini to‘xtatgan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mazkur qaror asosida  Federatsiya balansiga o‘tkazildi va tasarrufdagi oromgohlar soni 110 tadan oshdi. 2020-2025 yillarda 9 ta yangi bolalar oromgohi qurildi. 76 tasi kapital ta’mirlandi. 2021-2025 yillar yoz mavsumida 1 million 545 ming nafardan ortiq bola, shu jumladan, ularning 800 ming nafari statsionar, 700 ming nafardan ziyodi kunduzgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi.  

Federatsiyaning “Jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish ishlari boshqarmasi” faoliyatini kengaytirish yuzasidan ham salmoqli ishlar bajarildi.  Jumladan, 2024 yilda “Yakkasaroy” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida xalqaro talablarga javob beruvchi suv sporti saroyi qurib, foydalanishga topshirildi. Keyingi yillarda so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari sportchilari  Olimpiada, Jahon va Osiyo chempionatlarida 123 ta oltin, 130 ta kumush va 72 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.  

Hisobot davrida xalqaro hamkorlik kuchaydi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2021 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo  Mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi.  2023 yilda Samarqand shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya ishtirokijda Turkiy davlatlar kasaba uyushmasi tashkilotiga asos solindi.  

2024 yil dekabrda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining haqiqiy a’zoligiga qabul qilingani mamlakatimiz kasaba uyushmalarining jahon kasaba  uyushmalari harakatida o‘zining nufuzli o‘riniga ega bo‘lib borayotganini namoyon etadi.  

Qurultoyda mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish sohasidagi ishlarni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi.  

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Nazorat-taftish komissiyasining 2021-2025 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglandi.  

Tadbirda Qurultoy nomiga xalqaro tashkilotlar, ko‘plab xorijiy davlatlarning kasaba uyushmalari milliy markazlaridan yo‘llangan tabriklar o‘qib eshittirildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh jamoa kelishuvi har uch yilda imzolanib kelinmoqda. Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasida kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi hujjat hisoblanadi. 2023-2025 yillar uchun Bosh kelishuvning amal qilish muddati tugayotgani sababli Ijtimoiy-mehnat  masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan 2026-2030 yillar uchun yangi Bosh jamoa kelishuvi loyihasi tayyorlanib, unda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan joriy yilning 17 oktyabr kuni o‘tkazilgan  uchrashuvida bildirilgan taklif va tavsiyalar ham o‘z ifodasini topgan. Kelishuv loyihasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan kelishib olindi va imzoga tayyorlandi.  

Qurultoy doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi Otabek Ashurov, O‘zbekiston    kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov tomonidan yangi Bosh jamoa kelishuvi imzolandi.  

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsyasining hisobot davridagi faoliyati delegatlar tomonidan qoniqarli deb topildi.

Rafiqov Qudratilla Mirsagatovich ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi etib saylandi.

Shundan so‘ng Federatsiya raisining o‘rinbosarlari saylovi bo‘yicha yashirin ovoz berish natijalari e’lon qilindi.  

Federatsiya organlari tarkibi va Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari va raisini saylash jarayonlari delegatlar taklifiga ko‘ra ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.  

Qurultoyda shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17 oktyabrda O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvidan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida»gi masala ko‘rib chiqildi.  

Nazokat Usmonova,

Rustam Nazarmatov (suratlar), O‘zA

 

Powered by GSpeech