O‘zbekiston “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 121-o‘rinni egallagan

9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament nazoratini kuchaytirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Bu boradagi choralar natijasida 2024 yil uchun “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi yangi reytingida mamlakatimiz 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egallab, bu ko‘rsatkich so‘nggi yetti yilda 37 pog‘onaga yuqoriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament ham muhim o‘rin egallaydi. Qayd etilganidek, o‘tgan davrda bu borada aholi bilan uchrashuvlar davomida maishiy korrupsiyaning asosiy nuqtalari, to‘siq va sabablari tahlil qilindi.  

Sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi, kadastr, bank va soliq tizimidagi korrupsiyaviy omillar o‘rganildi. Byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, qimmat shartnomalar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga oid tahlillar o‘tkazildi.  

O‘rganishlar yakunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlislarida muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan prokurorlar va ichki ishlar organlari, tegishli tashkilotlarga tavsiyalar berib kelinmoqda.

Muhokamalarda byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari hamon saqlanib qolayotgani aytildi.

Shuningdek, parlamentga kiritilgan har bir qonun loyihasini uning kelgusida korrupsiyaviy omillar keltirib chiqarmasligi nuqtai nazaridan tahlil qilib borish va aniqlangan korrupsiyaga sharoit yaratib beruvchi normalarni chiqarib tashlash, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiogen normalar mavjud emasligini aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.  

Muhokamalarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va boshqa bir qator takliflar bildirildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech