Parlamentlararo Ittifoq – xalqaro tashkilotlar orasida yoshi eng ulug'idir. 1889 yilda ta'sis etilgan mazkur Tashkilot o'tgan davrda tom ma'noda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi.
Bu nufuzli Tashkilot dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida 179 mamlakatni o'zida birlashtirgan. Mintaqaviy parlamentlararo birlashmalarning 13 tasi ham Parlamentlararo Ittifoqning uyushgan a'zolari hisoblanadi. 1971 yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.
A'zo parlamentlar va ularning deputatlari o'rtasida yuksak qadriyatlarni ilgari suradigan ushbu Tashkilot barcha millatlar o'rtasida hamkorlik va muloqotni rag'batlantirib kelmoqda. Ayni vaqtda tinch va hamjihat kelajakni ta'minlash uchun samarali qarorlar qabul qilish yo'lida xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati e'tiboriga yetkaziladi. Parlamentlar o'rtasidagi aloqalarni rag'batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko'rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur Tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.
Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoqning ovozi dunyo bo'ylab tobora baland yangramoqda. Mazkur Tashkilot faoliyati misolida hozirgi zamon xalqaro munosabatlari mezonlarining samaradorligi baralla ko'rinmoqda.
O'tgan yillar davomida Parlamentlararo Ittifoq ko'plab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna bo'lib xizmat qildi. Bunday tashkilotlarning soni ayni vaqtda 100 tadan oshadi.
Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo'llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.
O'zbekiston Respublikasi Parlamentlararo Ittifoqqa 1992 yilda a'zo bo'lgan. Mamlakatimiz 2017 yil 13 oktyabrdan mazkur Tashkilotdagi a'zoligini qayta tikladi. Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlamentlararo Ittifoq bilan faol hamkorlik qilmoqda.
2019 yil 17 oktyabrda Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasining a'zosi bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2020-2023 yillar oralig'idagi muddatga ushbu yuksak lavozimga saylandi.
Keyinchalik A.Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Tashkilotning Moliya bo'yicha kichik qo'mitasiga a'zo bo'ldi.
2020 yilda Parlamentlararo Ittifoq Oliy Majlisning koronavirus pandemiyasi davridagi faoliyatini yuqori baholadi. Bu haqdagi bayonot Tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirildi.
Parlamentlararo Ittifoqning 2021 yili bo'lib o'tgan 142-assambleyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Aslanov Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi a'zoligiga qabul qilindi.
Parlamentlararo Ittifoqning 142-assambleyasida ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mita rasining o'rinbosari N.Tilavoldiev Parlamentlararo Ittifoqning Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha doimiy qo'mitasi a'zoligiga saylandi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Baratova Parlamentlararo Ittifoqning Barqaror taraqqiyot bo'yicha doimiy qo'mitasiga a'zo bo'ldi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to'g'risida”gi rezolyutsiyasini qabul qilishga doir tashabbusini xalqaro tashkilotlar rahbarlari orasida birinchilardan bo'lib qo'llab-quvvatlagan.
Shu kunlarda Martin Chungongning mamlakatimizga ilk tashrifi davom etmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2021
- Ko'rishlar: 3797
- Chop etish