Paxta mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 8 nafar mansabdor jazolandi

Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari N.Jumayeva tomonidan oila va xotin-qizlar faollariga paxta terimiga terimchilarni jalb qilish boʻyicha topshiriq berilgani tasdiqlandi.

Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hokim oʻrinbosarining terimchilarni jalb qilish haqida faollarga topshiriq berayotgan videosi tarqalgan va jamoatchilikda muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, shunday qonunbuzarlik holati Buxoro shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N.Aminova tomonidan ham sodir etilgan.

Paxta yigʻim-terimi mavsumida Davlat mehnat inspeksiyasi bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida muntazam monitoring olib bormoqda.

Mavsum davomida 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Qonunbuzar mansabdor shaxslarga MJtKning 49-modda 1-qismiga asosan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

Shuningdek, 8 nafar mansabdor shaxs MJtKning 51-modda 1-qismiga muvofiq jazoga tortildi.

“1 400 nafardan ortiq terimchi bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzishda yordam koʻrsatildi”, — deyiladi xabarda.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech