Prezident qarori: ijtimoiy xizmatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi

Prezident qarori bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilib, xizmatlardan foydalanishga oid barcha tartib-taomillar to‘liq elektron shaklda amalga oshirilishi belgilandi.

“Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–383, 18.12.2025 y.) qabul qilindi.

Qaror doirasida 2025 yilda Andijon shahri hamda Toshkent shahrida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati tajribasi asosida 2026–2027 yillar davomida bosqichma-bosqich 20 ta hududiy markaz ishga tushirilishi belgilangan. Jumladan, Andijon shahri va Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi markazlar tajribasi asos qilib olinadi.

Hududiy markazlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:

  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilishini tashkil etish;
  • og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarning ijtimoiy moslashuv muammolarini o‘rganish orqali ularni jamiyatga integratsiya qilish kabi vazifalar belgilandi.

Shuningdek, hududiy markazlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya va davolash-jismoniy tarbiya, shuningdek, qarab turish va parvarishlash xizmatlari ko‘rsatilishi nazarda tutilgan.

Ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega shaxslar hududiy markazlar xizmatlaridan “Inson” markazlarining yo‘llanmasi asosida foydalanadi.

Qarorga muvofiq, hududiy markazlar xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha tartib-taomillar to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech