Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan muloqot qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida fidokorona va mashaqqatli mehnati bilan noz-ne’mat yetishtirib, el dasturxoniga qut-baraka olib kirayotgan barcha dehqon, fermer, bog‘bon, chorvador, suvchi, agronom va mexanizatorlarga o‘zining chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
– Sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi beqiyos ishlaringiz har qancha tahsinga sazovor, – dedi Prezidentimiz.

Joriy yilda xalqimizning 3,5 milliondan ziyod vakili mehnat qilayotgan qishloq xo‘jaligida katta marralarga erishildi. Paxtachilikda mirishkor dehqon va fermerlarimiz tomonidan 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. Ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi.
G‘allakorlarimiz bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratdi, o‘rtacha hosildorlik esa 85 sentner bo‘ldi. Sholikorlarimiz joriy yil 268 ming gektarda sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, o‘rtacha hosildorlik 50 sentnerga yetdi.

Uch yilda 155 ming gektar bog‘ va uzumzor barpo etildi, intensiv bog‘lar 150 ming gektarga yetkazildi. Joriy yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirildi.

Yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshadi. Meva-sabzavotlarimiz kirib borgan davlatlarning soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi.

– Albatta, bunday ulkan natijalar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi turibdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ularning zahmati, mard va olijanob fazilatlari har qancha e’tirof va e’tiborga munosib, – dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9 dekabrdagi farmoniga muvofiq, sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Prezidentimiz so‘zining davomida kelgusi yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.

Yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema bo‘yicha paxta yetishtirish kelgusi yilda ommalashtirilib, 891 ming gektarda to‘liq shu sxema bo‘yicha paxta yetishtiriladi. Ko‘sak qurti, gerbitsid, sho‘r va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra ko‘paytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.

“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard so‘m beriladi.

Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya beriladi.
Mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligi rivojlantiriladi. Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.
Paxta yetishtirish uchun birja orqali mineral o‘g‘it va yoqilg‘ini 10-15 foiz arzon narxda yetkazib berish amaliyoti kelgusi yilda ham davom ettiriladi.

Endilikda paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarning alohida reytingi yuritiladi.

Bunda kamida 10 yildan ortiq ishlayotgan, kredit, lizing va soliqdan muddati o‘tgan qarzi bo‘lmagan fermerlarga reytingiga qarab Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan berilayotgan imtiyozli kredit stavkalari yanada pasaytiriladi. Ya’ni reytingning yuqori pog‘onasida turgan fermerlarga kredit stavkasi paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun 10 foiz qilib belgilanadi.

Mirzacho‘lda innovatsion qishloq xo‘jaligi maktabi tashkil qilinmoqda. Butun respublikadagi 1 ming nafar fermer ushbu maktabda cho‘l sharoitida paxta yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Ushbu maktabda o‘qib, sertifikat olgan fermerlarga reytingda qo‘shimcha 10 ball beriladi.

Malakali agronomlarni ko‘paytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shu bois, Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta’lim asosida ilg‘or klaster va fermerlarda ishlab, amaliyot o‘taydi. Agronomlik sirlarini o‘rgatgan fermer va klasterga har bir talaba uchun 5 million so‘mdan pul, talabaga esa 1,5 million so‘m stipendiya to‘lanadi.

Fermerlar faoliyatiga yangiliklarni olib kirib, sifatli urug‘ va nav, zamonaviy agrotexnologiya yordamida hosildorlikni oshirish va xarajatlarni qisqartirishga ko‘maklashgan yosh agronomlarga 2 ming dollardan oylik to‘lanadi.

Paxtachilikda mexanizatsiyalash darajasini 85 foizga yetkazish uchun kelasi yil yana 800 ta terim mashinasi, 450 ta ko‘p funksiyali seyalka va 3 ming dona plyonka yig‘adigan mashina olib kelinishi belgilandi.
Umuman, paxtachilikdagi ishlarni yanada jonlantirish uchun 2026 yil dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m beriladi.

G‘allachilikda ham sho‘r, suvsizlik va issiqqa chidamli yangi navlarni yaratish borasidagi izlanishlar yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi. O‘z mablag‘i hisobidan g‘alla yetishtirgan fermerlarga paxtadagi kabi hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, yangi bog‘ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinadi.
Endilikda intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 7 yilga 3 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Muzlatkichli ombor uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga qadoqlash xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Meva-sabzavotni ko‘paytirish uchun yaylov, qir va adirlardan samarali foydalanish juda muhimligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda sanoatlashgan bog‘, tokzor tashkil qilish, sabzavot, ozuqa ekini yetishtirish uchun adir yerlar qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bilan auksionda sotiladi. Auksion g‘oliblari yerni boshqa odamga qayta ijaraga berishi mumkin bo‘ladi va ijara huquqi bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Hozirgi tez o‘zgaruvchan sharoitda bozorlardagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxira qilinmoqda. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etilishi e’lon qilindi.
Yana bir muhim, e’tibor qaratish zarur bo‘lgan masala – go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish.
Kelgusi yilda chetdan 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga o‘z yerida chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun 20 sotixgacha joyda yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat beriladi. Import qilingan nasldor qoramol va bir kunlik jo‘ja uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5 yilga uzaytiriladi.
Chorvachilik loyihalari uchun keyingi yil Jahon banki va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasidan olib kelingan resurslar hisobidan 157 million dollar yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar chorvadorlarga 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 17 foizdan beriladi.
Baliqchilikda naslni yangilash, hosildorlikni oshirish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha ham bir qator yangiliklar joriy qilinadi.
Jumladan, karp va sovuq suv baliqlari bo‘yicha Vengriya va Norvegiyadagi hamkorlar bilan Yangiyo‘l va Bo‘stonliq tumanlarida 2 ta naslchilik markazi tashkil qilinadi.
Chetdan nasldor ona baliq olib kelish xarajatining yarmi qoplab beriladi. Baliqchilik xo‘jaliklari inkubatsiya, laboratoriya, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod etiladi. Intensiv baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklarga yer va mol-mulk soliqlari 2 karra kamaytiriladi.
Qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalar shu paytgacha 6 ta vazirlik tomonidan ajratilayotgan edi. Shu bois, barcha subsidiyalar bo‘yicha moliyaviy xizmatlarni bir joyda ko‘rsatadigan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi.
Agentlik tomonidan kelasi yil dehqon va fermerlarga 2 trillion 200 milliard so‘mlik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya ajratish jarayoni hozirgi 4 bosqichdan 2 bosqichga, uni olishga ketadigan vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqaradi.
Keyingi yildan hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash paxta, g‘alla va issiqxonada yetishtiriladigan mahsulotlardan boshlanishi belgilandi. Bunda sug‘urta uchun to‘lovni 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
Shu yilning o‘zida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari va ekinlar monitoringi, ilg‘or agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Keyingi yil Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodronlar olib kelinadi. Har bir viloyatda kamida 2 tadan dron mobil kompleksi orqali agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir masala – respublikada ekin maydonlaridan o‘tgan 70 ming kilometr uzunlikdagi ochiq drenaj va kollektorlar bor. Agar ular bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazilsa, ekin ekish uchun qo‘shimcha maydon ochiladi, zovurlarni tozalash xarajatlari karrasiga tejaladi.
Shu bois, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, bu maqsadlar uchun 100 million dollar ajratilishi belgilandi.
– Men bir gapni takror aytishdan charchamayman. Ilm va izlanish bo‘lmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun agrar sohada 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya, ularda juda katta salohiyatga ega yuzlab olim va ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda.
Bu salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun “ilm-fan – ta’lim – ishlab chiqarish” integratsiyasini ta’minlaydigan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi. Ushbu akademiya qishloq xo‘jaligidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.
Bundan tashqari, 500 nafar ilg‘or fermer, bog‘bon va eksportchilar Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, o‘qitiladi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz ularning qo‘shimcha takliflari va fikrlarini tingladi.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский