Qaysi davlatlarda odamlar eng ko‘p ishlaydi?

Ish vaqti davomiyligi mamlakatga qarab farq qiladi. Yangi infografikaga haftalik o‘rtacha ish vaqtidan kelib chiqqan holda eng “mehnatkash” davlatlar kiritilgan.

So‘nggi yillarda ko‘plab rivojlangan davlatlar ish haftasini qisqartirishga intilmoqda. Biroq dunyoda shunday mamlakatlar borki, u yerda odamlar o‘rtacha hisobda haftasiga 45, hatto 50 soatdan ortiq ishlaydi.

“Eng mehnatkash” mamlakatlar reytingida birinchi o‘rinni Butan egalladi. U yerda odamlar o‘rtacha haftasiga 54,7 soat ishlaydi. Bu mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni aks ettiradi. Aholining katta qismi qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi kabi mehnattalab sohalarda mehnat qiladi.

Shunga o‘xshash holat Lesotoda ham kuzatiladi. U yerda aholi o‘rtacha hisobda haftasiga qariyb 50 soat ishlaydi. Bu mamlakat iqtisodiyoti ham qishloq xo‘jaligi va qo‘l mehnatiga tayanadi.

Uchinchi o‘rinni San-Tome va Prinsipi egallagan — bu Afrika sohillari yaqinidagi Gvineya qo‘ltig‘ida joylashgan shu nomli arxipelagdagi davlatdir. Uning aholisi o‘rtacha hisobda 49 soat ishlaydi. Top-5likka, shuningdek, Kongo Respublikasi va Iordaniya ham kirgan.

Infografikaga kiritilgan mamlakatlarning aksariyati Osiyo yoki Afrikada joylashgan. Bu hududlarda iqtisodiyotda ko‘pincha mehnattalab tarmoqlar ustunlik qiladi. Uzoq ish haftasi odatda avtomatlashtirish darajasining pastligi va xodimlar huquqlari himoyasining kuchsizligi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ish haftasi qisqa bo‘lgan har bir mamlakat ham farovon degani emas. Masalan, eng kam soat ishlaydigan mamlakatlar top-5ligiga Norvegiya ham, Yaman ham kirgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech