Raqamli O‘zbekiston: UNESCO indikatorlari bo‘yicha hisobot yakunlandi (+video)
UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi kontent tayyorlash markazi va Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida Internet universalligi indikatorlari (IUI) asosida mamlakatimizdagi internet muhitini baholash bo‘yicha ko‘p tomonlama maslahat kengashining uchinchi yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ushbu jarayonga ko‘mak ko‘rsatdi.
UNESCOning “ROAM-X” tamoyillari — Inson huquqlari (R), Ochiqlik (O), Foydalanish imkoniyati (A) va Ko‘p tomonlama ishtirok (M) asosida tayyorlangan Milliy hisobot o‘lkaning raqamli ekotizimi holatini chuqur tahlil qiladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu hisobot reyting tuzish yoki boshqa davlatlar bilan solishtirish uchun emas, balki O‘zbekistonning o‘ziga xos raqamli rivojlanish yo‘lini aniqlash va davlat siyosatini dalillarga asoslangan holda takomillashtirishga xizmat qiladi.
Tadqiqot guruhlari quyidagi yo‘nalishlarda mavjud yutuqlarni ko‘rsatib o‘tdi: internet infratuzilmasi va narxlarning qulayligi, raqamli savodxonlik va inklyuzivlik, axborot olish erkinligi va raqamli huquqlar, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari.
Diyorimiz global raqamli standartlarga moslashayotgani xorijiy investitsiyalar va texnologik innovatsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratadi. Maslahat kengashi a’zolari takliflariga ko‘ra, hujjatga oxirgi o‘zgartirishlar kiritiladi. UNESCO tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etishda hukumatimiz bilan hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.
Musulmon Ziyo,
Doniyor Yoqubov (video),
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский