“Reuters”: AQSH va O‘zbekiston muhim kelishuvga erishdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston muhim foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzoladi, deb xabar bermoqda “Reuters” axborot agentligi.

Ta’kidlanishicha, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ikki mamlakatning strategik hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Qo‘shma investitsiya dasturi” (Joint Investment Framework) hujjati imzolangan.

Ushbu bitim doirasida muhim foydali qazilmalarning butun qiymat zanjiriga, jumladan, ularni geologik qidirish, qazib olish va qayta ishlashga investitsiya kiritishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Bundan tashqari, DFC rejasida foydali qazilmalarni qazib olish va infratuzilmani rivojlantirish sohasida kelgusi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi Amerika–O‘zbekiston qo‘shma investitsiya xolding kompaniyasini tashkil etishni taklifi keltirilgan.

Ekspertlar fikricha, ushbu bitim umumiy iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikka ko‘maklashadi hamda strategik tarmoqlarga, jumladan, muhim foydali qazilmalar, infratuzilma va energetikaga qo‘shma investitsiyalar kiritishni rag‘batlantiradi.

Nashrning e’tirof etishicha, Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga ega O‘zbekiston 2016-yildan buyon iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirib kelmoqda. Mamlakat oltin, uran, mis, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosini tashkil etuvchi litiy va volfram kabi muhim minerallarning foydalanilmagan zaxiralariga ega.

Abduaziz Xidirov, O‘zA

Powered by GSpeech