Shukron Abd Rahmon: Imom Buxoriy majmuasi islom ilm-fanining yangi markaziga aylanadi
Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi butun islom olami uchun muhim ma’naviy voqelik sifatida baholanmoqda. Xorijlik olimlar va tadqiqotchilar ham inshootning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Malayziya Xalqaro Islom universiteti huzuridagi “Abdulhamid Abu Sulaymon” nomli “Islom va insonshunoslik bilimi” kulliyoti psixologiya kafedrasi professori Shukron Abd Rahmon ham shu haqda fikr bildirdi. U bir vaqtlar Samarqanddagi “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi”da tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan va qurilish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lgan.
Olim ta’kidlashicha, ushbu hududdagi yangi masjid nafaqat ibodat maskani, balki islom ilm-fani va ma’naviy merosini qayta jonlantirishga xizmat qiladigan muhim markazdir.
– Samarqandda barpo etilgan yangi Imom Buxoriy masjidi asrlar davomida ilm-ma’rifat va insoniyatga xizmat qilish an’anasini qayta tiklaydigan ulkan ma’naviy markazga aylanishi shubhasiz, – deydi Rahmon.
Masjidning joylashuvi alohida ramziy ma’noga ega. Inshoot buyuk muhaddis – “Sahih al-Buxoriy” asari muallifi, islom olamida eng ulug‘ allomalardan biri hisoblangan Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870) dafn etilgan joy yaqinida qad ko‘targan.
– Masjid Imom Buxoriyning bebaho ilmiy merosiga chuqur ehtiromni ifodalaydi, uning haqiqiy ilmga sadoqat ruhini yangi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi, – deya ta’kidlaydi professor.
Mustaqillikdan keyin yurtimizda Imom Buxoriy majmuasini kengaytirish va zamonaviy ilmiy-ma’rifiy markazga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Endilikda hudud Markaziy Osiyodagi yirik ma’naviy va ilmiy markazlardan biriga aylanmoqda.
Mutaxassis “Mazkur maskan nafaqat ziyoratgoh, balki hadis ilmi, islom tarixi va sivilizatsiyasini o‘rganish imkoni yaratilgan jonli ilm markazidir”, deya e’tirof etdi.
Markaziy Osiyodagi eng yirik masjidlar qatorida tilga olinayotgan bu masjid bir vaqtning o‘zida qariyb 10 000 namozxonni qabul qila oladi. Asosiy namozgoh 7 000, ayollar zali esa 3 000 kishiga mo‘ljallangan. Keng hovli yirik diniy tadbirlar payti qo‘shimcha minglab odamni qabul qilishi mumkin.
– An’anaviy islomiy uslub bilan zamonaviy me’moriy yechim uyg‘unlashgan holda barpo etilgan ushbu masjid binosi ochiqlik, birdamlik va bag‘rikenglik ramzini ifodalagan, – deydi Rahmon.
Jami 40 gektardan ziyod maydonni qamrab olgan majmuada ziyoratchilar uchun muzey, kutubxona, ta’lim va tadqiqot markazlari, mehmonxonalardan iborat zamonaviy infratuzilma shakllantirilgan.
Olimningfikricha, majmua ibodat, ilm va jamoatga xizmat an’anasi uyg‘unlashgan universitet-masjid modeliga yangi hayot baxsh etadi. Bu nafaqat Samarqand yoki O‘zbekiston, balki butun musulmon olami uchun alohida ma’naviy voqeadir. Imom Buxoriy masjidi ochilishi butun musulmon ummati uchun mislsiz ahamiyatga ega voqea sifatida insoniyatni haqiqiy ilm, tinchlik va birdamlik sari chorlaydi.
Buyuk muhaddis Imom Buxoriy merosi ming yillar davomida insoniyatga haqiqat va ilm yo‘lini ko‘rsatib kelmoqda. Yangi masjid esa ana shu ulkan merosni kelajak avlodga yetkazishda muhim ma’naviy maskan bo‘lib xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский