Siyosiy lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining xalq oldidagi mas’ulligi oshiriladi
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Davlat dasturi loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida qanday vazifalar belgilanmoqda?
Eng asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 2 mingdan ziyod qonunchilik hujjatlari xatlovdan o‘tkazilib, ulardagi kolliziyalar, nomuvofiqliklar, «noaniq» qoidalar va boshqa korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etiladi.
Davlat organlari rahbarlarining o‘zi rahbarlik qilayotgan idora yoki tizim faoliyatida yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklar uchun siyosiy javobgarligi institutini joriy qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada siyosiy lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining xalq oldida mas’ulligi, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirilishi asoslari va tartibi, ularning o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqish tartibi nazarda tutiladi.
Davlat organida mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan xodimni ikki yil ichida o‘zi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlarga ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasidan xulosa olishning aniq tartibini belgilash bo‘yicha idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy veb-sayti va “E-anticor” ochiq platformasida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga doir qonunchilikdagi cheklovlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarda real vaqt rejimida maslahatlar beruvchi «Maslahatchi» interaktiv xizmati (chat-bot) moduli ishlab chiqiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlarini rotatsiya qilish tartibi bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada rotatsiya qilinadigan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlash, rotatsiya qilish asoslari va tartibi, rotatsiya qilishda qo‘shimcha ijtimoiy-huquqiy kafolatlarni ta’minlash aks ettiriladi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida 30 ming nafar davlat xizmatchisi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitiladi.
O‘qitish jarayonlariga xalqaro ekspertlarni jalb etish, o‘quv uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, o‘qitish natijalarini monitoring qilgan holda davlat xizmatchilarini belgilangan muddatda o‘qitish bo‘yicha majburiy talablarga rioya etmagan tashkilotlarga taqdimnoma kiritiladi.
Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va ularning affillangan shaxslarining ayni bir lotdagi ishtirokining oldini olishga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Unda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va ularning affillangan shaxslari, shu jumladan, bir xil ta’sischilar, rahbarlar, benefitsiarlar yoki o‘zaro bog‘liq tadbirkorlik sub’ektlarining ayni bir lotda ishtirok etishini cheklovchi mezonlar belgilanadi.
Xarid qilish tartib-taomillarida affillangan shaxslarning ishtirokini nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, shu jumladan, avtomatik tekshiruv va xavf indikatorlarini ishlab chiqish orqali raqobat kuchaytiriladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar va servislar sonini 880 taga yetkazish, shuningdek, portalning qulayliklarini ommaviy axborot vositalari va boshqa usullar orqali targ‘ib qilish, “Open Data Challange” xakatoni o‘tkazish kabi tadbirlar belgilanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский