18-19 noyabr kunlari Istanbul shahrida dunyo Ombudsmanlarining shu mavzudagi ikkinchi xalqaro konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Anjumanda 50 dan ortiq mamlakat, jumladan, O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilarini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an qutladi. Ochilish marosimida, shuningdek, Turkiya Buyuk Milliy assambleyasi raisi Mustafa Sentop, Turkiya Kassatsiya sudi raisi Ismail Sirit, Turkiya Respublikasi Bosh ombudsmani Sheref Malkoch tabrik so'zlari bilan chiqdi.
Konferentsiyaning asosiy maqsadi – inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan ilg'or tajribalar bilan almashish, samarali davlat boshqaruvi tamoyillarining turli davlatlarda qo'llanilishi va o'ziga xosligi, shuningdek mazkur tamoyillarni xalqaro, milliy va mahalliy darajada amalga oshirishda inson huquqlari o'rnini muhokama qilishdir.
An'anaga aylanayotgan ushbu xalqaro konferentsiyada dunyoning turli mamlakatlaridan inson huquqlari bo'yicha tashkilotlar, milliy ombudsmanlar, shuningdek parlament, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi. Tadbirda Yevropa Ittifoqi, Osiyo va Afrika, MDH va Markaziy Osiyo davlatlaridan inson huquqlari masalasi bo'yicha yetakchi xalqaro ekspertlar jam bo'ldi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) U.Muhammadiev, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev va O'zbekiston Ombudsmani Kotibiyati rahbari S.Azimovdan iborat. Delegatsiya a'zolari xalqaro anjuman ishtirokchilarini O'zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan natijalardan xabardor qildilar.
Shuningdek, O'zbekistonning 2021-2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanish uchun nomzodini ilgari surgani to'g'risida axborot berildi. Mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi tashabbuslari va yondashuvlari xalqaro ekspertlar hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi.
O'z navbatida, O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari xalqaro konferentsiya doirasida turkiyalik hamkasblari bilan inson huquqlarini himoya qilish borasida ijobiy tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildilar. Bunda, ayniqsa, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Suleyman Arslan bilan uchrashuv muhim ahamiyat kasb etdi.
Suleyman Arslan joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o'tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Oltinchi yillik seminarida qatnashgan. U muloqot chog'ida Toshkent xalqaro anjumani natijalarini yuksak baholadi.
Poytaxtimizda mazkur Institut bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Millliy markazi o'rtasida ikki tomonlama hamkorlik to'g'risida Memorandum imzolangandi. S.Arslanning qayd etishicha, ushbu Memorandum O'zbekiston va Turkiya inson huquqlari bo'yicha milliy tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tardi.
Turkiya Respublikasining Inson huquqlari va tenglik bo'yicha instituti raisi, shuningdek, O'zbekiston keyingi uch yil ichida barcha sohalarda ulkan natijalarga erishganini e'tirof etdi. “Dekabr` oyida yurtingizda bo'lib o'tadigan saylovlar yangilanayotgan O'zbekiston tanlagan yo'lning to'g'riligini yana bir bor tasdiqlashiga aminman", dedi S.Arslan.
Ma'lumot uchun: Turkiyaning Ombudsman instituti 2012 yilda tashkil topgan. Uning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi organlari ustidan kelib tushadigan shikoyatlarni mustaqil va samarali tarzda ko'rib chiqish hamda Turkiya parlamentiga hisobot berishdir.
Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti 2016 yil aprel oyida tuzilgan. U teng miqdordagi Hay'at va Boshqaruv a'zolaridan iborat.
Institut Boshqaruvi tarkibiga kiradigan 11 nafar a'zo Turkiya Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Boshqaruv o'z zimmasidagi vazifa va vakolatlarni, mas'uliyatni zimmasiga olgan holda, mustaqil amalga oshiradi.
2018 yilda Samarqandda bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi ishida Turkiya Ombudsmani hamda Inson huquqlari va tenglik instituti vakillari ishtirok etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.11.2019
- Ko'rishlar: 5335
- Chop etish