Sud islohotlari – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qadamlar
Rivojlanish yo‘lidan jadal odimlayotgan, taraqqiy etgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashga intilayotgan O‘zbekistonda barcha sohalar qatori sudlov tizimi ham samarali isloh qilinmoqda. Jumladan, sud tizimining qonunchilik bazasini takomillashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, sud organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligini ta’minlash tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar asosini tashkil etadi.
Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot vositalarini joriy etish va ushbu texnologiyalardan samarali foydalanish mamlakatimiz sud tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ish yuritish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholiga ko‘rsatiladigan inter faol xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining kompyuter savodxonligi darajasini oshirish hamda ishda zamonaviy kompyuter texnikasi va AKTdan foydalanish amaliy ko‘nikmasini takomillashtirish, sud tizimida axborot xavfsizligi hamda hujjatlar xavfsiz aylanishini ta’minlashda muhim omildir.
Sudlov tizimini axborotlashtirish nafaqat sud organlari faoliyati samaradorligini oshirish, balki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan odil sudlovning oshkoraligi va hamma uchun ochiqligi tamoyilini hayotga tatbiq etish, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligi va mazkur axborotlardan keng foydalanishni ta’minlash, aholining sudga ishonchini oshirish hamda tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Huquqiy davlat – qonun ustuvorligi, inson huquqi va erkinligini himoya qilish, sud va huquqni muhofaza qilish idoralari mustaqilligi bilan belgilanadi. Sud islohoti huquqiy davlatning muhim mexanizmi hisoblanadi. Zero, sudning asosiy vazifasi fuqarolarning Konstitutsiya va boshqa qonunlar, xalqaro shartnomalar, shuningdek insonning xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqi va erkinligi, davlat va jamoat manfaati, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar huquqi va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa manfaatlarni himoya qilishdan iborat.
Prezidentimizning 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyadan foydalanish holatini tanqidiy o‘rganish hamda faoliyat samaradorligi, aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan axborot tizimi va resursini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Dasturini tasdiqlash vazifasi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining o‘sha yil 19 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorida Markaz funksiyalaridan biri sifatida sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash belgilangan.
Bu borada 2017 yil 7 fevralda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi ushbu islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Strategiyada belgilangan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning olti ustuvor yo‘nalishidan birinchisi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishdir. Ayni yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlar orasida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish muhim o‘rin tutadi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 65-bandida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, xususan sudyalarga ishni avtomatik ravishda taqsimlash tartibini joriy qilish, vaqtida elektron tarzda axborot almashinuvini ta’minlovchi korporativ aloqa joriy etish, sud faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimini kiritish, sud qarorlari axborot-huquqiy elektron bazasini yuritish, shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlagan holda va sud ishtirokchilari roziligi bilan barcha sud qarorlarini chop etish tartibini joriy qilish (yopiq sud jarayonida ko‘rib chiqilganlaridan tashqari) kabi chora-tadbirlar belgilangan.
Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash maqsadida 2020 yil 3 sentyabrda Prezidentimizning “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan. Ushbu hujjatda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning quyidagi vazifalari belgilangan:
fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan inter faol elektron xizmat turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binosida inter faol xizmatdan erkin foydalanish imkonini yaratish;
odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumot tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumot almashinuvini yanada kengaytirish;
maxsus axborot dasturlari joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkonini kengaytirish, shuningdek ish bo‘yicha tomonlar uchun sud qarorini onlayn tarzda olish imkonini yaratish;
sudning axborot tizimi, ma’lumot bazasi va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiber xavfsizligini ta’minlash, xizmat axboroti va ma’lumotini kompleks himoya qilish choralarini kuchaytirish.
Prezidentning yuqoridagi Qarori bilan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlangan. Dasturda 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlisini ish bo‘yicha tomonlar iltimosnomasi va raislik qiluvchi roziligi bilan audio yozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomasini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish; apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash; barcha ishtirokchilarni sud majlisi vaqti va joyi haqida SMS xabar orqali bepul asosda xabardor qilish; sud qarorini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish; sud hokimiyati organlari faoliyatida, jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin inter faol xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish; sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish; sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash nazarda tutildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi”da sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlisida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish asosiy vazifalar etib belgilangan. Hujjatning 3.7.-bandida sudlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlashda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish; fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash va sud qarorini tahlil qilish yo‘nalishiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning retrospektiv tahlili va huquqiy asoslarini o‘rganish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, bosqichma-bosqich, tizimli davom ettirilayotgan mazkur jarayon islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllangan. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda sud hokimiyati faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida elektron axborot tizimlari, videokonferensaloqa va sud jarayonini raqamlashtirilishi amaliyotga joriy etildi.
Xususan, “Elektron sud”, “Ishonchli himoya”, “E-Sud” axborot tizimlari kabi loyihalar joriy qilinishi bilan jarayonda ishtirok etuvchi tomonlar uchun qulaylik yaratilib, murojaat qilish, hujjat almashish, masofadan ishtirok etish imkoniyati kengaydi. Shu bilan birga iqtisodiy sudlar amaliyotida ham videokonferensaloqa vositasidan foydalanish, elektron dalillarni qabul qilish va tahlil qilish amaliyoti bosqichma-bosqich rivojlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining izchil davomi sifatida sohani raqamlashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Farmonda sud-huquq tizimi samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt va axborot texnologiyalarini kengroq joriy etish nazarda tutilgan.
Ushbu zamonviy texnologiyalar byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, sun’iy intellektga asoslangan tizim yordamida arizalarni elektron tarzda qabul qilish, hujjatlarni avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqish va sud qarorlari shaffofligini ta’minlash imkonini beradi. Ish yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasiga muvofiq ish yuritilishi bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Raqamli imkoniyatni o‘zida mujassam etgan zamonaviy sud zallari tashkil qilinadi. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan inter faol elektron xizmat turlari oshirilmoqda.
Sun’iy intellekt yordamida sud xarajatini hisoblash imkoniyati yaratiladi. Sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlar elektron reyestri yuritiladi.
Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek ayni yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Oliy sud axborot tizimi negizida sud hujjatlari arxivi moduli ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqot o‘tkazish, shuningdek sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish yo‘lga qo‘yiladi.
“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sudga ariza berishdan oldin fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajat hisobini chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Murojaatlar sudga faqat elektron shaklda yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdan sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi.
Tomonlar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. Sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi.
Farmon bilan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlangan.
Hujjatda sun’iy intellekt yordamida fuqaro, advokat, yurist va sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish vazifasi belgilangan.
Bundan tashqari sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi. “my.sud.uz” inter faol xizmat portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish moduli joriy etiladi. Bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi yaratish, huquqiy murojaatga javob berish hamda sud ma’lumotini avtomatik yetkazish, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotini fuqarolarga Yagona inter faol davlat xizmati portali orqali olish imkoni yaratiladi. Fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyat yaratish maqsadida 5 ta yangi inter faol xizmat yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda sud faoliyatini raqamlashtirish jarayoni milliy qonunchilikka va xalqaro huquqiy standarta mos ravishda amalga oshirilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi sud ishi yurituvining tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning sudga murojaat qilish huquqini amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
Shu bilan birga videokonferensaloqa orqali ishtirok etish huquqini qonunan kafolatlash, xususan sud muhokamalarida texnik imkoniyatni ta’minlash bo‘yicha aniq tartib ishlab chiqish, sud jarayonida shaxsiy ma’lumotni himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlashning huquqiy va texnik mexanizmini mustahkamlash, sudyalar va sud xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha muntazam malaka oshirish kurslari tashkil etish, aholining onlayn sud xizmatidan foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun ommaviy axborot vositalari va internet orqali tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
J.Balkibayeva, K.Davletova,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyalari
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский