Tanzila Norboyeva: Aholida zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabat kuchayib bormoqda
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik» kampaniyasi davom etmoqda. Bu yilgi tadbir “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotir.
Mazkur kampaniya haqida fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda ayollar, bolalar va har bir fuqaroni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini alohida qayd etdi.
– Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlari va yig‘ilishlarda zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirishga e’tibor qaratib keladi, – dedi T.Norboyeva. – Qonunchilikni takomillashtirish, jabrlanuvchilar uchun samarali himoya mexanizmlarini yaratish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Nafaqat yo‘nalish, balki barcha idoralar uchun bu ishlarni amalga oshirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar ham yaratib bergan.
Prezidentimiz topshiriqlariga muvofiq, parlamentimiz keyingi yillarda zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan bir qator muhim qonunlarni qabul qildi. Ularda jabrlanuvchilarning huquqiy va ijtimoiy kafolatlari, zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishlash mexanizmlari, tezkor himoya, javobgarlik choralari aniq belgilab qo‘yildi.
Bu qonunlar bugungi kunda o‘z natijasini bera boshladi. Biroq, hayot ko‘rsatyapti, ushbu illat bilan har kuni va turli usullar bilan, hamjihatlikda kurashish lozim. Shu bois, qonunlarni doimiy ravishda takomillashtirib borish – parlamentning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Institutsional asoslarning takomillashtirilishi – tizimli himoyaning asosiy ustuni. Shu ma’noda, qabul qilingan qonunlar asosida mamlakatimizda zamonaviy va yaxlit institutsional himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizimda Ijtimoiy himoya agentligi muhim o‘rin egallay boshladi. Agentlik aholiga ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish va idoralararo hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifani bajaryapti.
Shu bilan birga, mamlakatimizda reabilitatsiya markazlari, vaqtinchalik boshpana – shelterlar, ijtimoiy xizmatlar, 24 soat ishlaydigan ishonch telefonlari, ichki ishlar va prokuraturadagi maxsus bo‘linmalar, idoralararo komissiyalar bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizim sifatida ishlamoqda.
Muhimi, zo‘ravonlikka qarshi davlat idoralari, NNT, xalqaro tashkilotlar va faollar tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot va ta’lim dasturlari natijasida aholida zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabat kuchayib bormoqda. Jabrlanuvchilar yordam so‘rashdan cho‘chimayapti. Muammolarni yashirin holda emas, ochiq muhokama qilish madaniyati shakllanmoqda. Bu – profilaktikaning eng samarali yo‘nalishlaridan biri.
Bu yilgi kampaniya BMT tomonidan «Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik» shiori ostida o‘tkazilmoqda. Bu bejiz emas. Raqamli makonda zo‘ravonlikning qator xavfli shakllari paydo bo‘lib, kun sayin kengayib borayotgani sir emas. Bu – kiberbulling, onlayn ta’qib va tahdid, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, raqamli nazorat, ijtimoiy tarmoqlar orqali bosim va manipulyatsiya o‘tkazish, bolalarni internet orqali aldov yo‘li bilan ekspluatatsiya qilish kabi holatlar.
Bu ko‘zga ko‘rinmas, ammo salbiy ta’siri juda og‘ir bo‘lgan zo‘ravonlik turlaridir. Shuning uchun ham raqamli xavflarga mos qonunchilik va amaliy chora-tadbirlarni yanada mustahkamlash zarur.
Texnologiyalarni to‘g‘ri yo‘naltirsak, xavfsizlik va himoya imkoniyatlari nihoyatda katta. Bular – onlayn maslahatlar, tezkor xabar berish ilovalari, elektron murojaat platformalari, idoralararo raqamli ma’lumot almashinuvi, tahlil va xavflarni erta aniqlash tizimlarini yaratishdan iborat.
Kampaniya davomida mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mahallalar, maktab va ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, davlat organlari va NNTlarda, ommaviy axborot vositalari orqali davom etayotgan targ‘ibot ishlari keng qamrovli bo‘lib, bu jarayon umumxalq harakatiga aylandi.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashish – uzluksiz jarayon. U yangi sharoitda yangi choralar ishlab chiqilishini talab qiladi. Inson huquqlarini buzadigan zararli stereotiplarni batamom bartaraf etish – bizning oldimizda turgan muhim vazifa. Biz aniq aytamiz: hech qanday stereotip zo‘ravonlikni oqlay olmaydi.
Biz hammamiz, bir yoqadan bosh chiqarib, bu borada Prezidentimiz belgilagan vazifalarni izchil amalga oshiramiz, qonun ustuvorligini ta’minlaymiz. Aholining xavfsiz, munosib hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский