30 noyabr kuni Toshkent Davlat yuridik universitetida shu mavzuda o'zbek-yapon yuridik forumi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag'ishlangan ushbu anjuman Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Toshkent Davlat yuridik universiteti tomonidan tashkil etildi.
Forumda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama, Adliya vaziri o'rinbosari Rahim Hakimov, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, vazirlik va tashkilotlar vakillari, o'zbek va yapon huquqshunoslari hamda talabalar ishtirok etdi.
Yaponiya va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan ta'lim tizimida ham rivojlanib bormoqda, – dedi yuridik forumning ochilish marosimida so'zga chiqqan Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama. – Ushbu forum ham buning yorqin dalilidir. Ikki davlat Konstitutsiyalarining umumiy va o'ziga xos xususiyatlarini o'rganish, o'zaro tajriba almashish kelgusida o'zining ijobiy samarasini berishiga ishonaman.
Anjumanda O'zbekiston va Yaponiya Konstitutsiyalarining mazmun-mohiyati va rivojlanish tendentsiyalari muhokama qilindi. Har ikki mamlakatda Asosiy Qonunning nufuzi va hurmati juda yuqori ekani e'tirof etildi. O'zbekistonda ham, Yaponiyada ham Konstitutsiya kuni milliy bayram sifatida nishonlanadi. Ikkala mamlakat fuqarolari uchun ham Konstitutsiya va qonunlarga hurmat milliy g'urur va vatanparvarlik timsolidir.
Yaponiya Konstitutsiyasi 1947 yilda qabul qilingan va dunyodagi eng barqaror Konstitutsiyalardan biridir. Murakkab tarixiy davrlarni boshdan kechirgan yapon xalqi o'z ma'naviy an'analarini, jumladan, konstitutsiyaviy norma va g'oyalarni yuksak qadrlaydi. Yaponiya Konstitutsiyasining barqarorligi uning mazmuni to'liqligi, so'zlari aniqligi va konstitutsiyaviy normalarning mohirona tuzilishi kabi afzalliklari bilan izohlanadi.
O'zbek huquqshunoslarining ma'ruzalarida Yaponiya Konstitutsiyasiga hurmat va ehtirom, o'z navbatida, yapon olimlarining chiqishlarida O'zbekiston Konstitutsiyasiga nisbatan samimiy munosabat yaqqol sezilib turdi. O'zaro fikr, g'oya va ilmiy tushunchalar almashinuvi nafaqat huquqshunos olimlar, balki talaba-yoshlar uchun ham qiziqarli va foydali bo'ldi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.11.2019
- Ko'rishlar: 5618
- Chop etish