Tokioga tashrif yakunida O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi.
Ushbu mamlakat Imperatori, Bosh vaziri, Parlamentning ikkala palatasi rahbariyati, Hukumat a’zolari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat vakillari bilan o‘tkazilgan muzokara va uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy format doirasidan chiqib, uzoq muddatli strategik o‘lchov kasb etganini yaqqol namoyon etdi.
Tashrifning asosiy xususiyati iqtisodiy sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitishga yo‘naltirilganidadir. Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar asosan gumanitar hamkorlik va texnik ko‘mak loyihalariga tayangan edi. Bugun esa O‘zbekiston Prezidentining pragmatik va izchil siyosati natijasida ikki tomonlama kun tartibi qayta shakllantirilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Bunga yorqin dalil sifatida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelining shakllantirilganini keltirish mumkin. Ushbu kelishuvlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini qamrab oladi. “Yashil” energetika, energiyani saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yetakchi yapon korporatsiyalari bilan uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining ilk sammitida ishtirok etgani ham muhim voqea bo‘ldi. Hududiy o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyaviy va raqamli sheriklikni kengaytirish, inson kapitali salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilayotganini aks ettiradi. Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasining qabul qilinishi ushbu yondashuvni ko‘p tomonlama darajada mustahkamladi.
Umuman olganda, Yaponiyaga rasmiy tashrif natijalari O‘zbekistonning dunyodagi yetakchi texnologiya va investitsiya markazlaridan biri bilan to‘laqonli strategik sheriklikka bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatimizning ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini amalga oshirish, mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda o‘z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatini tasdiqlaydi.
Yaponiyadagi tadbirlar yakunlanganidan so‘ng davlatimiz rahbari amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi. Sankt-Peterburg shahrida muhim kun tartibiga ega tadbirlar – Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский