Toshkent xalqaro investitsiya forumi xorijiy nashrlar nigohida
Buyuk Britaniyaning nufuzli nashrlaridan biri – “The London Post” poytaxtimizda beshinchi bor o‘tkazilayotgan Toshket xalqaro investitsiya forumi – 2026 haqida maqola e’lon qildi. Nashr forumni Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiya va iqtisodiy tadbirlardan biri sifatida baholab, uning xalqaro ahamiyati hamda Yangi O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganini alohida urg‘ulagan.
Maqolada qayd etilishicha, joriy yilgi forum “Investitsiya barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar” shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, unda davlat rahbarlari, moliya vazirlari, suveren investitsiya fondlari vakillari, yirik kompaniyalar yetakchilari hamda xalqaro taraqqiyot institutlari ishtirok etmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, anjumanda 8 mingdan ortiq delegat qatnashishi kutilmoqda va bu uni mintaqadagi eng muhim iqtisodiy platformalardan biriga aylantirmoqda.
Xabarga ko‘ra, anjumanning asosiy yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi, shuningdek, dunyoning 20 dan ortiq davlatidan kelgan yuqori darajadagi mehmonlar qatnashishi mamlakatning xalqaro iqtisodiy maydondagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat sifatida baholangan.
Muallif forum ishtirokchilari orasida Kolinda Grabar-Kitarovich, Katalin Novak va Ramona Manesku kabi siyosiy arboblar borligini qayd etar ekan, bu konferensiyaning xalqaro nufuzini yanada oshirayotganini yozadi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Yevropa investitsiya banki kabi yetakchi moliya institutlari ham yuqori darajada ishtirok etayotgani ta’kidlangan.
Maqolada energetika sohasi forumning eng muhim mavzularidan biri sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, O‘zbekistonning 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish maqsadi, 12 gigavattlik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalari, shuningdek, yashil vodorod va atom energetikasi istiqbollari muhokama qilinishi qayd etilgan. Bu jarayonlarda xalqaro energetika kompaniyalari rahbarlari va sohaning yetakchi ekspertlari ishtirok etayotgani mamlakatning “yashil iqtisodiyot” sari intilishini namoyon etayotgani alohida tilga olingan.
Nashr shuningdek, forum doirasida muhim strategik tashabbuslar ham taqdim etilishini qayd etadi. Jumladan, Toshkent xalqaro moliya markazi konsepsiyasining rasman ilgari surilishi, islom moliyasi mexanizmlari va xalqaro kapital bozorlarini rivojlantirishga oid muhokamalar O‘zbekistonning mintaqaviy moliyaviy markazga aylanish yo‘lidagi harakatlari sifatida baholangan.
Maqolada raqamli transformatsiya mavzusi ham forum kun tartibidan muhim o‘rin olishi qayd etilgan. Sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, kiberxavfsizlik, fintex ekotizimlari va texnologiyalarga asoslangan investitsiyalar bo‘yicha muhokamalar O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiyot qurish borasidagi intilishlarini aks ettirishi bayon etilgan.
O‘.Alimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский