Mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal oʻsishi, sanoat ishlab chiqarishi va tashqi savdo hajmining kengayishi transport infratuzilmasini izchil rivojlantirishni taqozo etmoqda. Oʻzbekistonni Tinch okeanidan Yevropagacha boʻlgan eng qisqa quruqlik yoʻlagining asosiy boʻgʻiniga aylantirish, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bu boradagi ustuvor vazifalardandir.
2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar koʻrib chiqildi.
Avvalo, aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi boʻyicha axborot berildi.
Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar boʻlgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolanib, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini koʻchirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yoʻlovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish boʻyicha xalqaro tender oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, Urganch, Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi koʻrib chiqildi. Natijada aeroportlarning oʻtkazuvchanligi oshirilib, yoʻlovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat koʻrsatish imkoniyatlari kengayadi.
Avtomobil yoʻllari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan oyda qiymati 2,2 milliard dollar boʻlgan Toshkent – Samarqand pulli avtomobil yoʻli qurilishiga start berildi. Urganch va Xiva shaharlarini bogʻlovchi ilk pulli yoʻl ishga tushirildi.
Taqdimotda Toshkent – Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent – Andijon va Toshkent – Boʻstonliq pulli yoʻllari boʻyicha investorlarni aniqlash hamda amaliy ishlarni boshlash bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Temir yoʻl tarmogʻining oʻtkazuvchanligini oshirish boʻyicha takliflar taqdim etildi.
Bugungi kunda asosiy tranzit yoʻnalishlaridagi qator temir yoʻl uchastkalari yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Sanoat yuklari hajmining ortishi va yangi yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovining yoʻlga qoʻyilishi mavjud infratuzilmaga talabni yanada oshiradi.
Shu bois, Maktaaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshgʻuzor – Boysun – Qumqoʻrgʻon, Toshkent – Samarqand va Toʻqimachi – Angren yoʻnalishlarini modernizatsiya qilish choralari koʻrib chiqildi. Ushbu ishlarga 200 million dollar yoʻnaltirish hisobiga uchastkalarning oʻtkazuvchanligini 25-30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi, Toshkent – Samarqand yoʻnalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yoʻl barpo etish, hududlardagi temir yoʻl tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari yuzasidan axborot berildi. Yuk vagonlari parkini yangilash, mazkur jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish takliflari ham muhokama qilindi.
Xalqaro transport yoʻlaklarini rivojlantirish va dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida koʻrib chiqildi.
Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida Oʻzbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilindi. Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish boʻyicha bitim imzolangan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiluvchi Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Mazkur loyihalar toʻqimachilik, kimyo, qishloq xoʻjaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Xalqaro yoʻlaklardan samarali foydalanish uchun yurtimizdagi logistika markazlari tarmogʻini ham kengaytirish zarurligi bildirildi.
Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyoʻl, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistikaga ixtisoslashtirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi. Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ularni joylashtirish, investorlarni jalb qilish, moliyalashtirish va zarur infratuzilma bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda yuk tashuvlarini raqamlashtirish va sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yuk tashish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi hali ham 42 foizdan yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni shakllantirish va barcha transport xizmatlarini birlashtiruvchi elektron tizim mavjud emasligi bu boradagi asosiy muammolardan hisoblanadi.
Shu bois, yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yoʻl varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi. Xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuk harakatini real vaqtda kuzatish imkoniyatlarini yoʻlga qoʻyish choralari ham koʻrib chiqildi.
Bu orqali tashuvchilar uchun qulaylik yaratish, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga oʻtkazish va sohada shaffoflikni oshirish koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan loyihalarning muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilab, ularni oʻzaro uygʻun holda amalga oshirish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
