AQSHda o‘lim jazosi tiklandi
AQSH Adliya vazirligi federal jinoyatlar bo‘yicha o‘lim jazosiga qo‘yilgan moratoriyni bekor qildi. Qatlning bir necha usuli qayta joriy etilib, bu qaror jamoat xavfsizligi va adolatni ta’minlashga qaratilgani ta’kidlangan.
Prezident Donald Tramp lavozimiga kirishgan ilk kunida imzolagan farmonga muvofiq, endi eng og‘ir jinoyatlar uchun mahkumni otish orqali qatl etish tartibi rasman tiklandi. Shuningdek, qatl protokoliga elektr stuli, gaz kamerasi va o‘lim in’eksiyasi kabi usullar ham kiritilishi rejalashtirilgan.
Ushbu qaror o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jabrlanuvchilar uchun adolatni ta’minlash maqsadida qabul qilinganiga urg‘u berilgan. Ma’lumotga ko‘ra, cheklov bekor qilingach, 44 nafar mahkumga nisbatan o‘lim hukmini ijro etish bo‘yicha iltimosnoma ma’qullangan. Qatli kutilayotganlar orasida MS-13 xalqaro jinoiy guruhining uch nafar a’zosi ham bor.
AQSHda federal miqyosdagi o‘lim jazosiga oid siyosat yillar davomida bir necha bor o‘zgargan. Jumladan, 2003-yildan amal qilgan moratoriy 2020-yil bekor qilingan, keyinchalik Jo Bayden ma’muriyati davrida yana tiklangan edi. Navbatdagi farmon bilan esa ushbu jazo turini qo‘llash doirasini kengaytirish va ijro jarayonini tezlashtirish nazarda tutilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский