Belgraddagi global konferensiyada O‘zbekistonning gender tenglik borasidagi tajribasi taqdim etildi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Serbiya xalq yig‘ini taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Belgrad shahrida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Parlamentlararo ittifoqning Ayol parlamentariylar global konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbirda 65 davlatdan 400 dan ortiq delegat, parlament vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar qatnashdi.
Konferensiyani Parlamentlararo ittifoq prezidenti Tuliya Ekson ochib berib, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi bugun ham dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Anjumanning asosiy maqsadi gender tenglikni ta’minlash, ayollarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish hamda parlamentlar o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
«Tenglikni targ‘ib qilish: gender stereotiplari va salbiy ijtimoiy normalarni yengib o‘tish» mavzusidagi sessiyada so‘zga chiqqan Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Anjumanda O‘zbekistonda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, parlamentdagi ayollar ulushi 38 foizga yetgani, shuningdek, mamlakat Parlamentlararo ittifoq reytingida 92 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 36-o‘rinni egallagani qayd etildi.
Tadbir davomida parlamentlar o‘rtasida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik tajribasini almashish va samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga 2026 yil 4–6 sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolari global konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский