BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi a’zolari konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Doha shahri (Qatar)da bo‘lib o‘tgan BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 11 - konferensiyasi (CoSP-11)da ishtirok etdi.

Nufuzli xalqaro tadbirning asosiy yalpi sessiyasida O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk bor “Markaziy Osiyoda mintaqaviy korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish va hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi kiritildi.

BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlarining navbatdagi konferensiyasini O‘zbekiston mezbonligida tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.  

Bundan tashqari, parallel sessiyalarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy amaliyot muhokamalari, turli davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalariga oid ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.  

Xalqaro tadbir davomida O‘zbekiston tashabbuslari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlangan maxsus sessiyasida A.Burxonov ma’ruza qildi.  

Konferensiyada O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tirof etildi.  

Jumladan, mamlakatimiz tomonidan bildirilgan ikkita xalqaro tashabbus konferensiyaning 180 dan ortiq ishtirokchi davlati tomonidan ma’qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech