Bolalar huquqlarini ta’minlashda inklyuziv ta’lim va ijtimoiy xizmatlar samarasi
“Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya har bir bolaga oila muhitida ulg‘ayish, mehr-muhabbat va qo‘llab-quvvatlashda hayot kechirish hamda sifatli ta’lim olish huquqini kafolatlaydi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda ushbu xalqaro normalarni izchil amaliyotga joriy etish bo‘yicha sezilarli qadamlar tashlamoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbuslari aynan shu yo‘nalishda, ya’ni bolani institutsion muassasalardan imkon qadar uzoqroq tutish, uni oilasi va jamoasi bag‘rida rivojlantirishga qaratilmoqda.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bola tarbiyasi uchun eng maqbul muhit bu oila. Shu bois, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan noinstitutsionallashtirish jarayonlari jadallashtirilmoqda. Bolani internatlarga yuborish o‘rniga, ta’lim va ijtimoiy xizmatlarni uning yashayotgan hududida tashkil qilish amaliyoti kengaymoqda.
So‘nggi ikki yilda umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida tahsil olayotgan alohida ehtiyojli bolalar soni 2,5 baravarga oshib,
5,1 ming nafarga yetdi. E’tiborlisi, shularning 3,1 ming nafari ilk bor maktabga chiqdi.
2025 yilning o‘zida ijtimoiy xodimlar tomonidan uy sharoitida qolib ketgan 7,5 ming nogironligi bo‘lgan bola aniqlanib, ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirildi.

Stereotiplarni o‘zgartirish maqsadida “Inson” markazlarida 1,8 ming ota-ona uchun inklyuziv ta’lim bo‘yicha psixologik treninglar o‘tkazildi.
300 ta maktabda to‘siqsiz muhit yaratildi, individual ishlash uchun 750 ta korreksion xona tashkil etildi, 2,3 ming maxsus pedagog va yordamchi pedagog shtatlari ajratildi.
O‘zbekistonning bola huquqlarini ta’minlashdagi siyosati bugun sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar qog‘ozda emas, amalda aks etmoqda.

Noinstitutsionallashtirish va inklyuziv ta’lim bu shunchaki alohida loyihalar emas, balki O‘zbekistonning ijtimoiy siyosatidagi uzoq muddatli strategik yo‘nalish. Ushbu yondashuv orqali har bir bola o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi mumkin bo‘lgan teng imkoniyatli jamiyat sari qadam tashlanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский