Bolaning eng ustun manfaatlari qonun bilan mustahkamlanmoqda

Bugungi kunda bolalar huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida amaldagi qonun hujjatlarida bolaga taalluqli har qanday masala hal etilayotganda bolaning eng ustun manfaatlari hisobga olinishini belgilash, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish asoslarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu maqsadda bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Qonunchilik palatasining majlisida mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga, shu jumladan “Oila” kodeksiga bolaning eng ustun manfaatlari tushunchasini kiritish taklif etilmoqda.  

Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning hamda ularning voyaga yetmagan bolalarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va da’volar taqdim etish, sud majlislarida qatnashish vakolatlarini berish nazarda tutilyapti.

Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar maxsus markazlarga joylashtirilganda ularga bir oygacha muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish ko‘zda tutilmoqda.  

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA

Powered by GSpeech