Britaniya tamakini taqiqlaydi va «chekmaydigan avlod» mexanizmini ishga tushiradi
Britaniya parlamenti «chekmaydigan avlod» to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi: 2008 yildan keyin tug‘ilganlarga tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.
Britaniya parlamentining ikkala palatasi - Jamoalar palatasi va Lordlar palatasi tamaki va veyplar to‘g‘risidagi qonun loyihasining yakuniy versiyasini kelishib oldi. Hujjat endi qirol Charlz III roziligini kutmoqda, shundan so‘ng u to‘liq qonunga aylanadi.
Yangi qonunga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab Buyuk Britaniyada 2009 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug‘ilgan barcha fuqarolarga tamaki mahsulotlarini (sigareta, sigara, o‘rama tamaki va boshqalar) sotish umrbod taqiqlanadi.
Bu shuni anglatadiki, qonun kuchga kirgan paytda 17 yosh va undan kichik bo‘lgan odamlar hech qachon mamlakatda tamakini qonuniy ravishda sotib ololmaydi. Har yili yosh chegarasi kelajak avlodlar uchun doimiy bo‘lmaguncha avtomatik ravishda bir yilga oshiriladi.
Qonun, shuningdek, elektron sigaretalar va veyplarni tartibga solishni sezilarli darajada kuchaytiradi:
- Hukumatning nikotin mahsulotlarining ta’mi, qadoqlanishi va reklamasini cheklash bo‘yicha vakolatlari kengaytiriladi;
- Chekish taqiqlangan aksariyat joylarda, jumladan, maktablar va bolalar maydonchalari yaqinidagi hududlarda veyping taqiqlanadi;
- Voyaga yetmaganlarga veyplarni sotish va targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar joriy etiladi.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting bu voqeani «millat salomatligi uchun tarixiy lahza» deb atadi.
Chekish Buyuk Britaniyada o‘limning oldini olish mumkin bo‘lgan asosiy sabab bo‘lib qolmoqda, har yili 80 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lmoqda va Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga (NHC) katta yuklama bo‘lmoqda.
Hukumat yangi qonun yoshlar orasida chekuvchilar sonini keskin kamaytirishiga va uzoq muddatli istiqbolda mamlakatni to‘liq «tutundan xoli» bo‘lishga yaqinlashtirishiga umid qilmoqda.
Qirol roziligidan so‘ng (sana hali belgilanmagan) qonun bosqichma-bosqich kuchga kiradi. Tamaki savdosiga qo‘yilgan birinchi jiddiy cheklovlar 2027 yil yanvaridan kuchga kiradi.
Bu dunyodagi tamakiga qarshi eng kuchli qonunlardan biridir. Avvalroq shunga o‘xshash tashabbusni Yangi Zelandiyada amalga oshirishga harakat qilindi, biroq keyinchalik undan voz kechildi.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский