Chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolgan o‘zbekistonlik bolalar Vatanga qaytarildi

Yurtimizda ijtimoiy himoya tizimi tubdan takomillashmoqda. Bunda bolalar huquqlari va ularga bo‘lgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chet ellarda chorasiz qolgan bolalar bosqichma-bosqich Vatanga qaytarilib, tizimli ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, bugun ham besh nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi. Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida Toshkentga yetib kelishgan.

Bolalar vaqtincha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Ularning 1 nafari ota-onasi, 2 nafari yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilishi, qolgan 2 nafari esa oilaviy bolalar uyiga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, voyaga yetmaganlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning keyingi yashash manzili bo‘yicha davom ettiriladi.

Sherbek Islomov, O‘zA

Powered by GSpeech