Dunyoda oziq-ovqat inqirozi keskin kuchaymoqda
BMT so‘nggi hisoboti dunyoda ocharchilik darajasi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Millionlab inson, ayniqsa bolalar oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq og‘ir muammodan aziyat chekmoqda. Vaziyat favqulodda choralar talab etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026-yilgi global hisobotiga ko‘ra, dunyoda ocharchilik muammosi tobora jiddiy tus olmoqda. Tahlillar ko‘rsatadiki, 2016-yildan buyon o‘ta og‘ir darajadagi ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 9 karra oshgan, oziq-ovqat tanqisligi esa so‘nggi o‘n yil ichida ikki barobar ko‘paygan. 2025-yil ilk bor bir vaqtning o‘zida ikki hudud – G‘azo sektori va Sudanda ocharchilikning eng yuqori – beshinchi darajasi rasman qayd etildi. Yer yuzi bo‘ylab ochlikdan qiynalayotgan aholining qariyb uchdan ikki qismi Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Yaman, Pokiston kabi o‘n davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Joriy yil 47 mamlakatda yashovchi 266 million inson o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelgan. Ayniqsa, bolalar orasidagi vaziyat tashvishli bo‘lib, 35,5 million bola to‘yib muntazam ovqatlanmaslikdan jabrlanmoqda. Ularning qariyb 10 millioni og‘ir ahvolda. BMT tasnifiga ko‘ra, beshinchi bosqichdagi hududlar aholisi zudlik bilan ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan xalqaro gumanitar yordamga muhtoj hisoblanadi. Umuman, mazkur hisobot global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский