Elchi Nodirjon Turg'unov: Ikki davlat yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi

AR-RIYOZ, 28-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodirjon Turg'unov mamlakatning ommabop kundalik bosma nashrlaridan biri – "Okaz" gazetasiga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Ushbu eksklyuziv intervyuda elchi O'zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlarining jadal taraqqiyoti, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari haqida so'z yuritdi.

Nodirjon Turg'unov ikki davlat yetakchilarining siyosiy irodasi va do'stona muloqotlari asnosida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi aloqalar so'nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidlagan. Bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yildagi Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi, 2023-yilda Jidda shahrida o'tkazilgan Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti, shuningdek, 2024-yilda Ar-Riyoddagi Arab-Islom sammitidagi ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi.

"2026-yilda Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" ikkinchi sammitining o'tkazilishi o'zaro munosabatlarda navbatdagi muhim bosqich bo'ladi. Bu sammit mintaqaviy muloqotga yangi sur'at bag'ishlash bilan birga, O'zbekistonning Markaziy Osiyo va Ko'rfaz mamlakatlari o'rtasidagi bog'lovchi ko'prik sifatidagi rolini mustahkamlaydi", – degan diplomatik vakolatxona rahbari.

Intervyuda madaniy va gumanitar aloqalarga alohida e'tibor qaratilgan. Diplomatning aytishicha, Ar-Riyozda muvaffaqiyatli o'tkazilgan O'zbekiston madaniyati kunlari xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlikning yorqin ramziga aylandi. 2026 yilda O'zbekistonda Saudiya Arabistoni madaniyati kunlarini o'tkazish rejalashtirilgan.

Iqtisodiy hamkorlik haqida so'z yuritar ekan, Nodirjon Turg'unov so'nggi yillarda Saudiya kapitali ishtirokidagi qo'shma korxonalar soni 9 tadan 27 taga oshganini ta'kidlagan. Qo'shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard AQSh dollaridan oshdi. Shuningdek, joriy yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga 2 milliard dollar miqdorida Saudiya investitsiyalari jalb qilingan.

Elchi oktyabr oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan O'zbekiston – Saudiya Arabistoni Hukumatlararo komissiyasi va Ishbilarmonlar kengashi yig'ilishlariga ham to'xtalib o'tdi. Mazkur tadbirlar doirasida energetika, transport, suv ta'minoti va IT sohalarida yangi kelishuvlar imzolangan. Uning so'zlariga ko'ra, aynan shunday uchrashuvlar ikki davlat hamkorligini siyosiy darajadan amaliy, sezilarli iqtisodiy natijalarga erishish darajasiga olib chiqmoqda.

"Jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikning namunasi Saudiya investorlari ishtirokida qiymati 2,5 milliard dollar bo'lgan Toshkent xalqaro aeroportining yangi majmuasini qurish loyihasi bo'ladi. Bu O'zbekiston poytaxtini mintaqaning eng yirik aviatsiya markaziga aylantiradi", – deyilgan intervyuda.

Turizm sohasidagi hamkorlik haqida so'z yuritilar ekan, Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi fuqarolari uchun 30 kungacha bo'lgan muddatga vizasiz rejimning joriy etilishi O'zbekistonga tashrif buyurayotgan saudiyalik sayyohlar sonining keskin o'sishiga xizmat qilgani qayd etilgan.

"Hozirda ikki mamlakat o'rtasida haftasiga 60 dan ortiq aviaqatnov amalga oshirilmoqda, shuningdek, Toshkent va Ar-Riyoz o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovini yo'lga qo'yish bo'yicha muzokaralar davom etmoqda", – deb qayd etgan mamlakatimiz rasmiy vakili.

Powered by GSpeech