Har bir bola xavfsiz muhitda ulg‘ayishi shart

Bola jamiyatning eng nozik va himoyaga muhtoj qatlami hisoblanadi. Uning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati va kamoloti har qanday jamiyat uchun muhim. Ammo hayotda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari hanuz uchrab turgani bu muammoga faqat jazo va taqiqlar bilan emas, balki tizimli yondashuv va jamiyatning umumiy mas’uliyati orqali barham berish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Mazkur mavzu yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo RAHMONOVAning fikrlariga qiziqdik.

– Kyeyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni har qanday zo‘ravonlikdan asrash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas, – dedi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili. – Davlatimiz rahbari 2024 yil 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining parlament saylovidan keyingi o‘tkazilgan birinchi majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, madaniyatimizga xos bo‘lmagan illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart. Bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.

Ayni ana shu qat’iy siyosiy iroda natijasi sifatida 2024 yil 14 noyabrda sohada tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni alohida ahamiyatga ega. Qonunning asosiy maqsadi – zo‘ravonlikning oldini olish, undan jabr ko‘rgan bolalar bilan ishlash tizimini yaratishdan iborat. Qonunda zo‘ravonlik shakllari ilk bor aniq belgilab berildi. 

Jumladan, unda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir chora-tadbirlar va ularni samarali amalga oshirish mexanizmi ko‘rsatib berildi. Qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun umumiy va individual choralar belgilanib, himoya orderi berish, jabrlangan yoki xavf ostidagi bolaga kompleks yordam ko‘rsatish, hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda, bolani qonuniy vakillari qaramog‘idan olib qo‘yish kabi ta’sirchan mexanizmga asos solindi. 

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 19-moddasiga ko‘ra, bolalar zo‘ravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilinishi shart. Mazkur konvensiyada ko‘zda tutilgan vazifalar O‘zbekistonda qay tarzda bajarilishi tahlil qilinib, Bolalar ombudsmani tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid xabarlar alohida nazoratga olingan holda o‘rganilmoqda. 

Jumladan, 2024 yilda va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bolaga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish to‘g‘risida kelib tushgan murojaatlar jami murojaatlarning deyarli 21 foizini tashkil etmoqda. Ya’ni, Bolalar ombudsmaniga yo‘llangan har beshinchi murojaat – bolaga nisbatan turli shakldagi zo‘ravonlikka oid bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. 

Strategiyada bolalar uchun zo‘ravonlikdan xoli muhit yaratish, xavf ostidagilarni erta aniqlash hamda jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga kompleks yordam ko‘rsatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Alohida ta’kidlash joizki, strategiya doirasida bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, ta’lim va huquqiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, bolalar bilan ishlashda individual yondashuvni joriy etish, shuningdek, ijtimoiy yondashuvga asoslangan kichik hajmli, ochiq formatdagi markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Bunday shakldagi markazlarning tashkil etilishi bola uchun xavfsiz va do‘stona muhitni ta’minlagan holda u boshidan kechirayotgan murakkab vaziyatda maxsus va malakali yordam ko‘rsatish imkonini yaratadi.

Shuningdek, bolalar manfaatlarini tergov va sud jarayonlarida ishonchli ta’minlash, sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yagona elektron tizim orqali hisobga olish va monitoring qilish choralari muhim yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Shu o‘rinda e’tirof etish muhimki, bolalar o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini mustaqil himoya qilishda kattalarga nisbatan zaifligi tufayli, ish yurituvining barcha protsessual bosqichlarida ularga samarali yuridik yordam, vakillik hamda ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash kafolatlanishi shart. Strategiya bilan aynan ana shu kafolatlar ta’minlanishi mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Strategiyaning yana bir ahamiyatli jihati, ta’limdan chetda qolgan va ijtimoiy xavf ostidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashdir. Bu borada ularni kasbga yo‘naltirish, jamiyatga moslashtirish, oilalar bilan ishlash yo‘nalishida bolaga nisbatan zo‘ravonlik xavfini kamaytirish, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash qamrab olingan.

Ya’ni, ijtimoiy xavf ostidagi bolalar bilan ishlashda nafaqat qat’iy choralar ko‘rish, balki ota-onalarni ijtimoiy murakkab vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash orqali oilada bola uchun farovon va barqaror muhit yaratilmoqda.

Zero bugungi kunda farzandi uchun xavfsiz, jismonan va ruhan sog‘lom muhit yaratish ota-onaning birlamchi vazifasidir. Ota-onalarning bilim va ko‘nikmasini oshirish esa jamiyatda bolani bosim va tazyiqlardan xoli tarbiyalanishida muhim vazifa hisoblanadi.

O‘zA muxbiri 

Marhabo HOJIAKBAROVA 

yozib oldi.

Powered by GSpeech