Internet orqali aniqlangan bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha 23 ta jinoyat, 28 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash bugun har qachongidan-da dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Bu borada Bola huquqlari bo‘yicha vakil — Bolalar ombudsmani tashabbusi bilan o‘tgan 2025-yilda bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Qolaversa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 20 ta jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan.

Shuningdek, internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan 23 ta jinoyat va 28 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.
Bular haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Bolalar ombudsmanining 2025-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdi.
Ma’ruzada keltirilganidek, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1 ming 934 ta murojaat kelib tushgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 ta fuqarolar bilan muloqot qilinib, ularning 98 ta murojaati ko‘rib chiqilgan.

Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan jami 36 ta ta’sir hujjati — 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.
Bundan tashqari, bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln. 745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilgan. 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat boji va boshqa to‘lovlarsiz ID-kartalar rasmiylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, 20 nafar imkoniyati cheklangan bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga reabilitatsiya, psixologik-pedagogik korreksiya xizmatlari tashkil etishda ko‘maklashilgan. Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 45 nafar bola esa O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский