Ish vaqtidan tashqari mehnat uchun ikki hissa haq to‘lanishi qonunan belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ish vaqtidan tashqari mehnat faoliyati uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi tartib mehnat bozorida adolatli to‘lov tizimini ta’minlash, shu bilan birga xodimlarning mehnat huquqlarini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Qonunga muvofiq, ish vaqtidan tashqari mehnat qilgan xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash miqdori oshirildi. Endi ish vaqtidan tashqari mehnatning birinchi ikki soati uchun kamida 1,5 hissa, ikki soatdan ortiq qismi uchun esa kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lanadi.

Avval amalda bo‘lgan ish vaqtidan tashqari mehnatning yillik 120 soatlik chegarasi bekor qilindi. Bu o‘zgarish ish beruvchilarga mehnat jarayonini elastik tarzda tashkil etish imkonini beradi, xodimlar esa bajargan qo‘shimcha mehnati uchun munosib rag‘batlantiriladi.

Qonun bilan xususiy bandlik agentliklarining vakolatlari kengaytirildi. Endi ular ish qidirayotgan shaxslar uchun kasb-hunar va chet tillarini o‘qitish kurslarini tashkil etishi, chet ellik ish beruvchilarni mazkur jarayonga jalb etishi mumkin. Shuningdek, agentliklar tijorat banklaridagi depozitlardan olinadigan foiz daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf etish huquqiga ega bo‘ldi.

Sh. Mamaturopova, O‘zA

Powered by GSpeech