Islomofobiyaga qarshi kurash xalqaro kuni munosabati bilan nufuzli anjuman o‘tkazildi

15-mart – Islomofobiyaga qarshi kurash xalqaro kuni munosabati bilan YUNESKO qarorgohida “Islomofobiyaga barham berish: ta’lim, madaniyat va muloqot orqali yechimlar” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning YUNESKO huzuridagi guruhi tomonidan YUNESKO va IHT Bosh kotibiyatlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir avvalida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar alyansi bo‘yicha Oliy vakili Migel Anxel Moratinos Kuyaube anjuman ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda dunyo miqyosida diniy asosdagi nizo va ziddiyatlar kuchayib borayotgani, musulmonlarni kamsitish holatlari haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotganini ta’kidlab, bunday holatlarning oldini olishda turli e’tiqodlarga mansub shaxslar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga egaligini qayd etdi.

Anjumanda xalqaro tashkilotlar vakillari, Fransiya va IHTga a’zo davlatlardan kelgan taniqli ekspertlar ma’ruza qildi. Jumladan, tadbirda O‘zbekiston nomidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Sh.Islomov nutq so‘zladi.

Ishtirokchilarga yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro ahamiyatga ega loyihalar, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilgani, ushbu markazlar madaniy muloqotni ta’minlash, dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishda muhim platforma vazifasini o‘tashi haqida batafsil ma’lumot yetkazildi.

Ma’ruzachilar tomonidan islomofobiyaning kelib chiqish sabablari, zamonaviy shakllari, inson huquqlarini ta’minlash, kamsitishning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish, ta’lim, madaniyat va dinlararo muloqot orqali jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashning amaliy yo‘llari muhokama qilindi.

Shuningdek, spikerlar o‘z chiqishlarida islomofobiyaga faqat siyosiy emas, balki ma’rifiy yondashuv orqali yechim topish mumkinligini, bunda O‘zbekiston kabi boy madaniy merosga ega mamlakatlarning tarixiy tajribasi va amalga oshirayotgan tashabbuslari namunaviy model bo‘la olishini qayd etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro hamjamiyatni diniy adovatning har qanday shakliga qarshi birlashish, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish asosida tinch-totuv yashash tamoyillarini ilgari surishga chaqirdi.

Xalqaro anjuman yakunida YUNESKOga a’zo davlatlar vakillari ishtirokida iftor marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda YUNESKO Bosh direktori Xolid al-Ananiy ishtirok etdi. Marosimda ishtirokchilarga O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakilligi tomonidan o‘zbek milliy taomlari taqdim etildi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech