Mustaqilligimizning 33-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari ushbu shior ostida o‘tkaziladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 18-iyul kuni imzolagan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorda shu haqda so‘z boradi.
Qaror muqaddimasida ta’kidlanganidek, “Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli subyektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida mustaqil davlat bo‘lib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz”.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik shonli sanasini chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlash maqsadida tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlanadi. Mazkur dastur “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.
Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanadi. Hududlarda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, uch avlod uchrashuvlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, gastronomik festivallar o‘tkaziladi.
Mahallalar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar tashkil etiladi. Bunda joylarda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyatini chuqur ochib berishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy va jangovar qudratini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib etiladi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Milliy istiqlol, xalq ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jon fido etgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bobolar xotirasi yod etiladi.
Yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichi o‘tkaziladi. Shuningdek, «Ona diyor – ranglar jilosida», «Vatan uchun yashaylik!», «Eng ulug‘, eng aziz» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar bo‘lib o‘tadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.07.2024
- Ko'rishlar: 2340
- Chop etish