Yangi O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurilishi hamda jamiyatning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub yangilanishlar oliy ta’lim oldida yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining talabalari milliy, mintaqaviy va global darajada siyosiy maydonda yuz berayotgan jarayonlarni bilishlari, anglashlari, o‘rganishlari va tahlil qila olishlari shart.
Zero, jahonda yuz berayotgan globallashuvning hozirgi bosqichi xalqaro vaziyat o‘zgarishining yuqori dinamikasi, siyosiy kuchlar muvozanatidagi kuchli tektonik siljishlar bilan tavsiflanadi.
Mamlakatimizda demokratik taraqqiyotning jadallashishi bilan birga, xalqaro va mintaqaviy geosiyosiy maydonda o‘zaro raqobat tobora keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab bir davrda talabalar, mutaxassislar, ilmiy kadrlarning siyosiy jarayonlarni chuqur anglash, tezkor tahlil qilish va baholay olish malakasiga ega bo‘lishi talab qilinadi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, siyosiy fanlar doktori, professor Muqimjon Qirg‘izboyevning“Siyosatshunoslik” darsligi aynan ana shu vazifani bajarishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. Aytish joizki, M.Qirg‘izboyev nafaqat yuqori malakali siyosatshunos, balki ham nazariy va ham amaliy boy tajribaga ega olim. Mazkur darslik muallifning siyosatshunoslik sohasidagi qirq yildan ortiq ilmiy pedagogik hamda davlat boshqaruvidagi ko‘p yillik amaliy faoliyati davomida to‘plangan bilim va tajribalariga asosan tayyorlangan. Shu yillar davomida M.Qirg‘izboyev 10 ga yaqin monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 220 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Muallifning asarlari siyosiy partiyalar, siyosiy mafkuralar, siyosiy madaniyat, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi kabi masalalarga bag‘ishlangan.Jumladan, 1998-yilda muallifning “Fuqarolik jamiyati: siyosiy partiyalar, mafkuralar va madaniyatlar”, 2006-yilda “Fuqarolik jamiyati: nazariya va xorijiy tajriba”, 2010-yilda “Fuqarolik jamiyati: genezisi, shakllanishi va rivojlanishi” monografiyalari, 2006 yilda “Fuqarolik jamiyati institutlari”, 2007-yilda “Partologiya”, 2013-yilda “Siyosatshunoslik”, 2017-yilda “Sotsiologiya” o‘quv qo‘llanmalari, 2022-yilda “Sotsiologiya” darsligi nashr etilgan.
Mazkur darslik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-yanvardagi “Siyosiy fanlar sohasida kadrlarni tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan siyosatshunoslik fanlari sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va yangi avlod darsliklarini yaratish vazifasini amalga oshirishda muhim o‘ringa ega. U Davlat ta’lim standarti talablariga javob beradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Siyosatshunoslik” fani uchun tasdiqlangan namunaviy dasturga muvofiq yozilgan.
Darslikni yozishda talabalarning mamlakatimizda fuqarolik jamiyati qurish jarayonlariga oid bilimlarni egallashlari, siyosiy qarashlar va tushunchalarni o‘rganishlari uchun zarur bo‘lgan vositalar qo‘llanilgan.Didaktika va metodika talablariga muvofiq, darslik tarkibi bo‘limlar va mavzularga ajratilgan. Darslikda “Siyosatshunoslik” o‘quv fanining metodologik asoslari, siyosatning ijtimoiy hayot va tadqiqot obyekti sifatidagi ahamiyati, siyosiy tizim va siyosiy institutlar, siyosiy jarayonlar, siyosiy kommunikatsiya, siyosiy madaniyat va mafkura, jahon siyosati, Yangi O‘zbekiston – yangi siyosiy tizim kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan.
Muallif Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan siyosiy tizimni modernizatsiyalash, fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatni rivojlantirish, boshqaruvni takomillashtirish, xalqaro siyosatda faol ishtirok etishga qaratilgan islohotlarni aniq misollar yordamida tahlil qilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha amalga oshirilgan kampaniya mazmuni, uning maqsadi, vazifalari, eng muhim jihatlari, yakunlari va ahamiyati alohida muhokama manbai bo‘lgan.
Shuningdek, darslikda mavzularning o‘ziga xos tahliliy usulda yoritilishi uning didaktik saviyasini oshirgan.Muallif darslikni tayyorlashda mavzularni har tomonlama o‘rganish imkonini beruvchi milliy va xorijiy olimlarning asarlaridan, ilmiy tadqiqot natijalaridan,“Siyosatshunoslik” o‘quv fani bo‘yicha darsliklar yaratish tajribasidan atroflicha foydalangan. Barcha mavzularni, xususan siyosatshunoslikning asosiy muammolarini yoritishda xorijiy va milliy siyosatshunos olimlarning qarashlari, g‘oyalari, xulosalari ilmiy bahs va tortishuvlar uslubida taqdim qilingan.
Darslik uni mutolaa qilgan o‘quvchida yaxshi taassurot qoldiradi.U yuqori saviyada, “Siyosatshunoslik” o‘quv faniga tegishli tushuncha va ta’riflar, atama va iboralardan lozim darajada foydalangan holda yozilgan, ma’lumotlarni taqdim etishda ma’noviy g‘alizlik, noaniqlik va ortiqcha murakkablikka yo‘l qo‘yilmagan. Har bir mavzu doirasida talabalarga taqdim qilingan ma’lumotlar jahonda va mamlakatimizda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini tushunishga yordam beradi.
Muallif davlat, jamiyat, siyosiy hokimiyat, siyosiy qarashlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi,siyosiy munosabatlar, siyosiy tizim, siyosiy rejim, davlat siyosati, siyosiy maqsadlar, siyosiy modernizatsiya, siyosiy g‘oyalar va mafkuralar, siyosiy ong va siyosiy madaniyat, siyosiy elita va siyosiy yetakchilik, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa tushuncha va voqeliklarni siyosatshunoslik fanining hozirgi kundagi yutuqlari va muammolari bilan bog‘liq misollar yordamida yoritgan.
Har bir mavzuning oxirida o‘zlashtirganlikni tekshirish uchun nazorat savollari hamda mavzuni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan rahbariy adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar, mumtoz va zamonaviy ilmiy asarlar, darsliklar va qo‘llanmalar ro‘yxati berilgan. Shuningdek, siyosatshunoslik bo‘yicha tushunchalar va ularning ta’riflarini o‘z ichiga olgan umumiy glossariy o‘z ifodasini topgan.
Muallif mavzular bo‘yicha muammolarni tahlil qilishda jahon hamjamiyati va milliy-davlatchilik taraqqiyotiga xos bo‘lgan zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan. Shuningdek, rivojlangan va yetakchi mamlakatlardagi siyosiy jarayonlar tahlil etilgan hamda milliy tajribalar bilan qiyoslangan. Ma’lumotlar qiziqarli uslubda taqdim etilgan, xususan, siyosiy modernizatsiya, partiyaviy tizim, saylov tizimi, siyosiy elita va siyosiy yetakchilikning xususiyatlari va tabiati, siyosiy qarorlar qabul qilish, siyosiy ixtiloflar va ularni hal etish texnologiyalari, siyosiy kommunikatsiya va uning siyosiy jarayondagi o‘rni, O‘zbekistonda siyosiy tizimni modernizatsiyalash islohotlari kabi masalalar tahlilini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Shubhasiz, mazkur darslik “Siyosatshunoslik” o‘quv fani o‘rganadigan aksariyat muammolarni qamrab olgan va fundamental bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Unda o‘z ifodasini topgan ma’lumotlar, g‘oyalar, tushunchalar, uslublar siyosatshunoslik sohasidagi milliy va xorijiy fan hamda ta’lim yutuqlariga asoslangan. Uning mazmuni Yangi O‘zbekistonda “Siyosatshunoslik” o‘quv fani izchil rivojlanayotganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, siyosatshunoslik dinamik xususiyatga ega soha bo‘lib, doimiy va izchil rivojlanishni boshidan kechirmoqda. Hozirgi kunda jahon va milliy siyosiy jarayonlarning tezkor o‘zgarishi, jahon siyosiy fanidagi zamonaviy tendensiyalar “Siyosatshunoslik” o‘quv fanining mazmuni va istiqboldagi vazifalariga ta’sir ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi. Siyosatshunoslik fani va ta’limi salmoqli sakrashlarni boshidan kechiradi. Bu holatni siyosatshunoslik bo‘yicha darsliklarni takomillashtirishda doimiy hisobga olish zaruratga aylanmoqda.
Bizning fikrimizcha, mazkur darslik nafaqat oliy o‘quv yurtlari talabalari, balki keng ilmiy va ekspert hamjamiyat vakillari, davlat idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman siyosiy jarayonlarga qiziqadigan har bir kishi uchun foydali ma’lumotlarga boy qo‘llanma xususiyatiga ega.
A.SAIDOV,
yuridik fanlar doktori,
professor,
akademik
O‘.OCHILOV,
yuridik fanlar doktori,
dotsent
- Qo'shildi: 23.07.2024
- Ko'rishlar: 1382
- Chop etish