2024-yil 16-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda milliy parlamentarizmning o‘rni va roli” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Unda deputatlar, Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov kirish so‘zi bilan ochib, mustaqillik O‘zbekistonda demokratik milliy parlamentning shakllanishi va rivojlanishi uchun tom ma’noda siyosiy huquqiy asos yaratganini e’tirof etib, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Kuchli parlament va xalq vakillik organlari — Yangi O‘zbekistonning tayanchi” ekanligi, hozirgi kunda O‘zbekiston parlamenti islohotlarning faol subyekti bo‘lib, qonun ijodkorligi yo‘nalishida zamon talablariga javob beradigan qonunlarni qabul qilayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida yangi davr boshlandi va qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyatida tub burilish yuz berdi.
Ushbu tarixiy hujjatlar o‘tgan qisqa davrda xalq saylagan vakillik organlari — parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tubdan o‘zgartirdi.
Xususan, davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish, shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda o‘ta dolzarb va murakkab vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etishimiz kerak” degan talabi tag zamirida qonun ijodkorligi faoliyati “Qonunning birdan bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslanishi qat’iy belgilab berildi. Bu esa Qonunchilik palatasini har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis baxs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylantirdi.
Mamlakatimiz rahbarining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Jumladan, qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligi ta’minlandi. Norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etildi. Bu o‘z navbatida, parlament ish faoliyatining butunlay yangi yo‘nalishda tashkil etilib, qonun loyihalarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning demokratik tartib-qoidalari joriy etilishiga turtki bo‘ldi.
Konferensiyada qayd etilganidek, qonunlarni qabul qilish jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, fuqarolarning xohish-istaklariga quloq tutish, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazish huquqiy jihatlarning sifatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, parlamentning ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borayotganligi mansabdor shaxslarning ham mas’ulligini oshirishga xizmat qilyapti.
Shuningdek, Oliy Majlis palatalarida hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri, shu jumladan masofaviy ishlash amaliyotini keng joriy qilingani, hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlari muhokamasida tegishli hududdan saylangan deputat va senatorlarning ishtiroki faollashib borayotgani ham samarali parlamentarizmning isbotidir.
Tadbirda so‘z olganlar mahalla instituti faoliyatining samaradorligi oshganligi, xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylanlanligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslari zamon talablariga moslashtirilganligini alohida qayd etdilar.
O‘tgan davrda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, sud-huquq, sohasini yanada isloh, qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy tarmoqni rivojlantirish borasidagi masalalarning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan, ilgari mavjud bo‘lmagan 50 dan ziyod qonunlar qabul qilingani ta’kidlandi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha parlamentga zarur vakolatlar berilgani aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bugun O‘zbekistonda barcha sohadagi islohotlar chuqurlashib, demokratik yangilanishlar o‘zining sifat jihatidan yangi pog‘onasiga ko‘tarilib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
- Qo'shildi: 19.08.2024
- Ko'rishlar: 1087
- Chop etish