Bugun hech kimga sir emaski, Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi ishtiroki yildan yilga sezilarli darajada oshib bormoqda. Mamlakatimiz o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan, konstruktiv va faol tashqi siyosat olib borish yo‘lini tanlagan. Bu ko‘p tomonlama tashqi siyosat o‘zining progressiv xarakteri va tinchlikparvarligi bilan xalqaro maydonda haqli e’tirof va olqishga sazovor bo‘lishi bilan bir qatorda, jahon hamjamiyati oldida O‘zbekiston Respublikasining obro‘-e’tibori oshib borayotganligidan dalolat bermoqda.
Siyosiy fanlar doktori, professor Q.Jo‘rayevning “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” nomli ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamida mamlakatimizning 2016-2024-yillar davomida xalqaro maydondagi faoliyatiga oid eng muhim va esda qolarli jihatlar tahlil qilinib, mantiqiy izchillikda yoritib borilganligi bilan ahamiyatlidir.
Kitob bilan tanishish davomida muallif tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi nafaqat jug‘rofiy, balki investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, siyosiy, transport kommunikatsiyaviy birlik sifatida e’tirof etilib, ushbu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar va oldinda turgan dolzarb vazifalar tizimli tahlil qilingan.
So‘ngi yillarda, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatida eng ustuvor vazifa sifatida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitini barpo etish va mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgani tahsinga sazovordir. Davlatimiz rahbari doimo xalqaro hamjamiyat e’tiborini jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligiga qaratib kelmoqda. O‘zbekistonning mintaqani barqaror, xavfsiz va farovon hududga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari tufayli “Markaziy Osiyo” ruhi degan mutlaqo yangi tushuncha paydo bo‘ldi.
Muallif turkum maqolalarida Yangi O‘zbekistonning nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligiga alohida e’tibor qaratgan. Darhaqiqat, mamlakatimiz jahondagi eng yirik va nufuzli tashkilot hisoblanuvchi Birlashgan Millatlar Tashkiloti va ixtisoslashgan muassasalari bilan keng miqyosda hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Respublikamizda BMTning 2015-yilda qabul qilingan, 2030-yilga qadar insoniyatni ravnaq toptirishning 17 ta yo‘nalishini o‘z ichiga olgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritilmoqda.
BMT Bosh Assambleya sessiyalarida mamlakatimiz rahbari dunyo hamjamiyatini kun tartibida turgan eng dolzarb muammolarga qaratib, ushbu masalalar yuzasidan muhim taklif va tashabbuslarni bildirib kelmoqda. Chunonchi, muhtaram prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida (2017-yilning 20-sentyabr) Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik muhitini barpo etish masalalariga qaratilgan bo‘lib, mintaqa mamlakatlarining ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga da’vat qilingan edi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekistonning tashabbuslari asosida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” deb nomlangan rezolyutsiyaning qabul qilinishi, shubhasiz, tarixiy ahamiyatga molik voqeadir.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning BMT tuzilmalari va rahbar organlariga saylanishi ilgarigidan ham ko‘ra ancha ko‘proq yuz bermoqdaki, bu esa, so‘zsiz, mamlakatimizning xalqaro imijini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Jumladan, 2024-yilda mamlakatimiz BMTning 3 ta muhim tuzilmaviy va boshqaruv organlari a’zoligiga saylandi:
birinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS)ga;
ikkinchidan, O‘zbekiston vakili 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga;
uchinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi 2024-2027-yillar uchun Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga.
Ma’lumki, samarali va o‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoki boshqa sohalarga oid xalqaro hamkorlikning muhim shartlaridan biri davlat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajarishidir. O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 15-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi milliy huquq tizimining ajralmas qismi ekanligi belgilab qo‘yildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan hamkorlik rishtalarini bog‘lagan xalqaro tuzilmalar ichida Islom hamkorlik tashkilotining alohida o‘rni bor. Muallifning e’tirof etishicha, mo‘tadillik va bag‘rikenglikka asoslangan islom ta’limoti va qadriyatlarini tarqatish, diniy merosni saqlashga ko‘maklashish; fan va texnologiyalarni mustahkamlash va rivojlantirish kabi sohalarda a’zo-davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasining tub milliy manfaatlariga hamohang bo‘lib, mamlakatimiz Tashqi siyosiy doktrinasiga har tomonlama mos keladi.
2016-yil 18-oktyabrda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 43-sessiyasi islom hamkorligi va hamjihatligi yo‘lida tashkil etilgan yirik tadbir hisoblanib, nafaqat mamlakatimiz hayotida, balki, butun islom olamida ham muhim ahamiyatga egadir. Zero, yurtimiz-islom sivilizatsiyasi o‘choqlaridan biri hisoblanib, dunyoga, xususan, islom olamiga yirik allomalarni yetishtirib bergan muqaddas diyor hisoblanadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yoritilgan maqolada, muallif tomonidan O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, Konstitutsiyaning tegishli moddalari va ularga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar xalqaro huquq prinsiplari bilan bog‘langan holda mufassal sharh berilganligi bilan ahamiyatlidir.
Muallifning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining milliy huquq tizimi tarkibiy qismi sifatida konstitutsiyaviy darajada belgilanishi, bir tomondan, davlatimizning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga doimo sodiq qolishini bildirib, xalqaro miqyosda ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning huquq va erkinliklari nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini ta’minlaydi.
Professor Qodir Asadovich Jo‘rayevning ushbu kitobi mazmunan boy ilmiy-ommabop maqolalarni o‘z ichiga olganligi, har bir maqola mavzusidan kelib chiqib aniq va tahliliy ma’lumotlar bilan boyitilganligi, shuningdek, tashqi siyosatimizga taalluqli voqealarga muallifning boy amaliy tajribasidan kelib chiqqan holda bildirgan fikr va qarashlari, maqolalar murakkab ilmiy atama va tushunchalar o‘rniga sodda, barcha uchun oddiy va tushunarli tilda mantiqiy izchillikda bayon etilganligi jihatidan faqatgina siyosatshunoslar, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar yoki mutaxassislargagina emas balki, sohaga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lishi shubhasiz. Qisqacha aytganda, ushbu kitob mazmunan va sifat jihatidan yurtimiz tashqi siyosatining so‘nggi yillardagi zamonaviy tendensiyalarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Zero, ushbu kitobni Yangi O‘zbekiston ko‘p vektorli tashqi siyosiy faoliyatiga tutilgan ko‘zgu deb ta’riflasak adashmagan bo‘lamiz.
A.X.Saidov, akademik
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 28-avgust kungi 175 (8798)-soni
- Qo'shildi: 28.08.2024
- Ko'rishlar: 844
- Chop etish