O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentyabrda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etiladi.
Yangi kiritilayotgan Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasiga qator vazifalar yuklatiladi. Xususan, har haftada kamida bitta tuman(shahar)ga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi. Kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qiladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat bo‘linmalari tashkil etiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlaydi. Ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, Prezidentning Farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish ham yangi kiritilayotgan Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasida bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: davlatimiz rahbari raisligida 11-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 823
- Chop etish