Favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish

18-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida «Favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish» mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, “Veteran” faxriy jangchilar birlashmasi raisi Talat Murodov tadbirni ochib berdi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 11-moddasi “Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar”ga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ishtirok etuvchi davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni tahdidli vaziyatlarda, favqulodda gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi belgilangan.

Shundan kelib chiqqan holda, ayni tadbirda pandemiya yoki boshqa favqulodda vaziyatlar davrida nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa harakati cheklangan shaxslarning yashash va sog‘liqqa oid huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar muhokama etildi. Istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Amaliy seminarda davlat organlari xodimlari xamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga favqulodda vaziyatlarda yordam berishga mo‘ljallangan eng yangi jihozlar bilan tanishdilar. Respublika tezkor xizmati va ko‘ngillilar (volontyorlar) tomonidan favqulodda vaziyatlar paytida nogironligi bo‘lgan insonlarni qutqarish ishlarini qanday amalga oshirilishi haqida zurura tushunchaga ega bo‘ldilar.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy ma’lumotlarga ega bo‘ldi, balki favqulodda vaziyatlarda nogiron shaxslarni qutqarish, evakuatsiya qilish va ularni xavfsiz joyga ko‘chirish jarayonlarini ham bevosita kuzatdilar.

Respublika tezkor xizmati koordinatori, Favqulodda vaziyatlarda yordam berish bo‘yicha ekspert-instruktor Lyudmila Gorenkova ishtirokida favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish mavzusida amaliy ko‘rgazmali chiqish ham bo‘lib o‘tdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan maxsus qutqaruv texnikasi va jihozlari seminar ishtirokchilariga namoyish etildi. Ular orasida nogiron shaxslarni olib chiqish uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari, qutqaruv arg‘amchilari va evakuatsiya qilish uskunalari bo‘lib, bunday vaziyatlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnika va texnologiyalar haqida to‘liq ma’lumot berildi.

Seminar davomida tabiiy ofatlar, masalan, suv toshqini, yer qimirlashi, yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyatlar paytida nogiron shaxslarni qutqarish uchun maxsus jihozlar va texnikadan qanday foydalanilishi amaliyotda ko‘rsatildi. Qutqaruvchilar maxsus qurilmalar yordamida nogiron shaxslarning harakatlanishini ta’minlash, ularni xavfsiz joyga yetkazish va yordam ko‘rsatish jarayonini to‘liq ko‘rsatib berdilar.

Nogiron shaxslar favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilinganidan so‘ng ularni vaqtinchalik boshpana va xavfsizlik choralari bilan ta’minlash muhim hisoblanadi. Amaliy mashg‘ulotlarda favqulodda vaziyatlarda maxsus tashkil qilingan vaqtinchalik boshpanalar qanday jihozlangani, nogiron shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning sog‘lig‘ini nazorat qilish va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish tartiblari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Bunday vaqtinchalik boshpana joylarida nogiron shaxslarga zarur tibbiy yordamni tezkor ko‘rsatish, ularning ehtiyojlariga muvofiq sharoitlar yaratish bo‘yicha davlat tomonidan amalga oshiriladigan choralar batafsil muhokama qilindi. Ko‘ngillilar va qutqaruvchilar nogiron shaxslarning xavfsizligini ta’minlash uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida o‘z bilimlarini baham ko‘rdilar.

Ushbu amaliy ko‘rgazma nogiron shaxslarni qutqarishda qanday zamonaviy texnik vositalar qo‘llanilishi, ularning xavfsizligini ta’minlash uchun qanday taktikalardan foydalanish kerakligi bo‘yicha ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berishga imkon yaratdi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida nogiron shaxslarning ehtiyojlarini tushunish va ularga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, nogiron shaxslarga yordam berish bo‘yicha respublika darajasidagi tezkor qutqaruv xizmatlarining salohiyati va imkoniyatlari namoyish etildi.

Respublika tezkor xizmati tomonidan oliy ta’lim muassasalarida favqulodda vaziyatlar vaqtida fuqarolar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning evakuatsiyasini ta’minlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilayotganligi haqida ma’lum qilindi. Bunday darslar nogiron shaxslar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi va bu ularga favqulodda vaziyatlarda o‘zini qanday tutish kerakligi bo‘yicha aniq ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam beradi.

Tadbir yakunida «Favqulodda vaziyatlarda nogiron shaxslarga yordam ko‘rsatish» bo‘yicha tavsiyalardan iborat maxsus risola taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobcha nogiron shaxslarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanmalar va favqulodda vaziyatlarda ularga yordam berish usullari haqida batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan.

Ishtirokchilar ushbu seminar nogiron shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga xavfsiz muhit yaratish yo‘lida muhim qadam ekanini e’tirof etdilar. Kelajakda hamkorlikni yanada mustahkamlash va bunday tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Aslida ham, bu kabi amaliy tadbirlar nafaqat nogiron shaxslarga yordam ko‘rsatish borasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan, balki favqulodda vaziyatlarda ularning huquqlarini himoya qilish uchun xalqaro standartlar asosida bajarilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni aniqlash hamda rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

UzDaily.uz

Powered by GSpeech