Konrad Adenauer jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv

24-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Andre Algermissen o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Unda joriy yildagi hamkorlik natijalari va keyingi istiqbolli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyoda huquq ustuvorligi dasturi direktori Stefan Samse, ushbu tuzilma menejeri Valentina Shott, Germaniyaning Myunxen oliy mintaqaviy sudi tijorat ko‘chmas mulk ijarasiga ixtisoslashgan fuqarolik palatasi sudyasi Maksimilian Kraus, Gannover universiteti ishlab chiqarish iqtisodiyoti bo‘limi iqtisodiy huquq professori Artur Geyer ham ishtirok etdi. Muloqotda, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, Milliy markazning xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Asilbek Mirjalilov qatnashdi.

Milliy markaz direktori A.Saidov Konrad Adenauer jamg‘armasining vakolatxonasi bilan o‘zaro hamkorlikning joriy yildagi natijalari to‘g‘risida qisqacha to‘xtaldi. Xususan, birgalikda o‘tkazilgan xalqaro forumlar, O‘zbekiston hududida tashkil etilgan davra suhbatlari va konferensiyalar, axborot-ma’rifiy tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari A.Algermissen o‘zaro hamkorlikning samaradorligini ta’kidladi. Milliy markaz ko‘p yillardan buyon Jamg‘armaning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib kelayotgani alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyoda huquq ustuvorligi dasturi direktori S.Samse BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi etib saylanganligi munosabati bilan Milliy markaz direktorini qutladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida o‘tkaziladigan ikki tomonlama konferensiyalarga Singapur davlati tajribasini qo‘shgan holda uch tomonlama konferensiyalarni tashkil qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning huquqiy jihatlari, xususan, konstitutsiyaviy huquq, huquq tarixi, sudlarning mustaqilligi, bugungi kunning zamonaviy mavzulari – raqamli davlat boshqaruvi va zamonaviy odil sudlov tizimi, ya’ni huquqiy davlatni ta’minlash uchun zarur masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shu bilan birga, Bangladesh qochoqlari uchun ishlab chiqilayotgan qonun doirasida Singapur, Malayziya va Germaniya mutaxassislaridan iborat kengashga O‘zbekiston tajribasini qo‘shish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyoda huquq ustuvorligi dasturi direktori Stefan Samsega Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi esdalik sovg‘asi taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech