Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning holati qanday?Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Yaqinda Mustaqilligimizning 33 yilligi “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oya negizida keng nishonlangani bejiz emas, – deydi M.Tillaboyev. – Chunki o‘tgan davrda mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylandi. O‘zbekiston dunyoning 156 ta davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan.
Yurtimizda 46 ta chet el elchixonasi, 3 ta bosh konsullik, 13 nafar faxriy konsul, 24 ta xalqaro va 27 ta xorijiy tashkilot vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning 59 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud.
Mamlakatimiz 100 dan ortiq xalqaro tashkilot a’zosi bo‘lib, turli ko‘p va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
– O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol ishtiroki samaralariga qanday misollarni keltirish mumkin?
– Bu haqda so‘z borganda, mamlakatimizning ilk bor 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib saylanishidek tarixiy voqeani alohida tilga olish ayni muddaodir.
Ushbu Kengash doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri» (2021 yil oktyabr), «Yoshlar va inson huquqlari» (2022 yil oktyabr) hamda «Har bir bolaga tinchlik va bag‘rikenglik ruhida sifatli ta’limni ta’minlash» (2023 yil oktyabr) to‘g‘risidagi rezolyutsiyalar qabul qilindi.
O‘z navbatida, 2024 yilda O‘zbekiston birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Yurtimizda hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, qashshoqlikka qarshi kurash va iqlim o‘zgarishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, 2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikasiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga milliy ma’ruzalar o‘z vaqtida taqdim etib kelinmoqda.
O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etish lozim. Ayni xalqaro tashkilot ko‘magida mamlakatimizda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 23 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi.
– Inson huquqlari конституsiyaвий kafolatlarining muhim jihatlariga to‘xtalsangiz.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 55-moddasida: “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli”, deb belgilangan. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rolini oshirish, xususan, Konstitutsiyaning 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar to‘g‘risidagi qoidalarning mustahkamlangani muhim demokratik qadam bo‘ldi.
Fuqarolarning bepul yuridik yordam olish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar, ruhiy holati buzilgan va psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslar, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgani munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatda gender tenglik, so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, qiynoqlarga qarshi kurashishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar qabul qilinmoqda. Ayniqsa, ayollarning huquqlarini himoya qilishga, ularga nisbatan har qanday stereotiplar va zo‘ravonliklarga barham berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. Konstitutsiyaning 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Nelson Mandela qoidalari qonunchilik va amaliyotga qat’iy tatbiq etilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 25-moddasida «o‘lim jazosi taqiqlanadi» deb rasman va aniq belgilab qo‘yildi. Bu bilan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ bayonnomasining talablari amalga oshirildi.
Birinchi marta qulay atrof-muhit huquqi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.
– Yurtimizda инсон huquqlari sohasidagi ta’lim qay tarzda amalga oshirilmoqda?
– Инсон huquqlarini himoya qilish va huquqiy ta’lim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturi amalga oshirilmoqda.
Kasb-hunar va oliy ta’lim tizimida “inson huquqlari”, “ayollar huquqlari”, “bolalar huquqlari” o‘quv kurslari joriy etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim uchun elektron platforma ishga tushirilgan. Inson huquqlariga oid qo‘llanma va risolalar doimiy ravishda nashr etilyapti.
– O‘zbekistonning istiqbolli strategiyalarida inson huquqlari masalasiga nechog‘lik ahamiyat qaratilmoqda?
– BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab qo‘yilgan. Mazkur Strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida Yangi O‘zbekistonda tinch va farovon hayotni ta’minlash, inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, xalqimiz farovonligi va munosib hayot kechirishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston jahon hamjamiyati uchun umumiy muammolarni o‘zaro muloqot, madaniy-sivilizatsiyaviy, millatlararo va dinlararo o‘zaro hamkorlik orqali hal etishga intilmoqda. Mamlakatimiz xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro normalarni yaratish jarayonida faol ishtirok etmoqda.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi
- Qo'shildi: 11.10.2024
- Ko'rishlar: 598
- Chop etish